Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi mamlakatimizda ijtimoiy adolat, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquq va manfaatlarini ta’minlashni o‘zining ustuvor vazifasi, deb hisoblaydi. Fraksiya muxolif siyosiy kuch sifatida davlat dasturlari va ularning ijrosini, qonun ijodkorligi jarayonlarini tanqidiy-tahliliy yondashuv asosida ko‘rib chiqib, aniq taklif va tashabbuslarini bildirishda davom etmoqda.
Bugungi fraksiya yig‘ilishida joriy yilning 25–28-fevral kunlari XDP fraksiyasi a’zolari o‘z saylov okruglarida aholi bilan ochiq muloqotlar natijalari, o‘rganilgan ijtimoiy ob’yektlar faoliyati tahlili hamda fuqarolarda kelib tushgan murojaatlar atroflicha muhokama qilindi.
Bu galgi o‘rganishlar davomida, deputatlar kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va nafaqaxo‘rlar muammolari o‘rganildi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash amaliyotidagi muammolar batafsil tahlil qilindi. Mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati yuzasidan aholi fikrlari eshitilib, bandlik, arzon uy-joy, kommunal xizmatlar sifati hamda tibbiy xizmatdan foydalanish masalalari bo‘yicha taklif va shikoyatlari tinglandi.
Shuningdek, fraksiya a’zolari o‘rganish va muloqotlarda aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli parlament so‘rovlarini yuborish, mas’ul vazirlik va idoralar bilan muhokamalar o‘tkazish hamda zarur qonunchilik tashabbuslari ishlab chiqishni rejalashtirishdi.
Zero, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi so‘l g‘oyalarga asoslangan siyosiy kuch sifatida mamlakatda ijtimoiy adolat va tenglikni ta’minlashga qaratilgan konstruktiv, ammo prinsipial pozitsiyada turadi. Partiya fraksiyasi fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy muammolarga yechim topish va davlat siyosatining ijtimoiy yo‘naltirilganligini kuchaytirish borasida o‘z faoliyatini izchil davom ettiradi.