Toshkent shahrida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash tizimi tahlil qilindi

 

Keyingi yillarda butun dunyoda onkologik kasalliklar bilan og‘riyotgan bemorlarning soni ortib bormoqda. Ilmiy tadqiqotlarda bunga hayot tarzimizda kanserogen moddalarning keng tarqalishi, global iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va ichimlik suvi tarkibida sun’iy qo‘shimchalarning ko‘payishi hamda turli zararli odatlar sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

Statistik raqamlar mazkur sohada yurtimizda olib borilayotgan chora-tadbirlar va tizimli ishlarga qaramasdan shu turdagi kasalliklar va u bilan og‘riyotgan bemorlar soni o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Mavjud vaziyatni aniqlash, uni mutaxassislar bilan taxlil qilish hamda birgalikda asosli takliflar ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan Toshkent shahar va tuman kengashlari deputatlari hamda mas’ullaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi.

Ishchi guruh faoliyati faqat hisobotlarga emas, balki bevosita joyiga chiqib, tibbiyot muassasalari faoliyatini ko‘zdan kechirish, mas’ul rahbarlar va tibbiyot xodimlari bilan muloqot qilish hamda real holatni aniqlashga qaratildi.

Savolnoma asosida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahrida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining ishlari ikki yo‘nalishda — mammografik skrining va “onko-nazorat” xonalaridagi klinik ko‘riklar orqali amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda shahar bo‘yicha mammografik skrining orqali 11 688 nafar ayol qamrab olingan bo‘lsa, “onko-nazorat” xonalari orqali 120 171 nafar ayol klinik ko‘rikdan o‘tkazilgan.

O‘rganishlarda Toshkent shahrida skrining jarayonida kasallik aniqlangan bemorlar bilan ishlash tizimi nisbatan barqaror yo‘lga qo‘yilgan, degan xulosaga kelindi. Sababi bunday bemorlar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo‘naltirilib, chuqurlashtirilgan diagnostika, morfologik tasdiq, konsilium va kompleks davolash davlat budjeti hisobidan amalga oshirilmoqda.

Bunda ayniqsa Xalq demokratik partiyasi elektorati bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun bepul diagnostika va davolanish imkoniyatlari to‘liq yaratilgan.

Lekin tizim yangilanayotgan, ish ko‘lami ortayotgan har bir sohada bo‘lgani kabi ushbu yo‘nalishda ham kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Masalan, deyarli barcha hududlarda kadrlar bilan bog‘liq muammo bor. Tuman darajasida vrach-onkologlar yetishmovchiligi, ayrim “onko-nazorat” xonalarida to‘liq shtat bilan ishlamaslik holatlariga guvoh bo‘lindi.

O‘rganishlar shuni ham ko‘rsatdiki, “onko-nazorat” xonalari faoliyati hududlar kesimida bir xil emas. Ayrim poliklinikalarda klinik ko‘riklar faol o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ayrim joylarda tibbiyot xodimlarining onkologik hushyorligi va skrining ko‘rsatgichlari bo‘yicha bilimlari yetarli emas.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi jamiyat hayotidagi har bir ijtimoiy masalaga o‘zining so‘l qanot g‘oyalariga asoslangan ustuvor dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan qat’iy pozitsiyasi ega.

Xalq demokratik partiyasi joylardagi manzilli o‘rganishlardan kelib chiqib, deputatlar vakolati doirasida joylarda deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib boradi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish