Yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda Davlat dasturi loyihalari muhokama qilindi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi respublikamizning barcha hududlarida siyosiy-seminarlar tashkil etib, unda takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasida qabul qilinishi rejalashtirilayotgan Davlat dasturi loyihalarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, partiya kengashlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilinmoqda.

Shunday siyosiy-seminarlardan biri partiyaning Namangan viloyatida tashkil etildi.

Seminarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida ijtimoiy adolat va aholi farovonligini ta’minlash, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari bilan hamohang ekanligi ta’kidlandi.

Keyingi yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, jamoatchilik nazorati va davlat boshqaruvi kabi sohalarda amalga oshirilgan izchil islohotlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan marralarni belgilangan muddatdan oldinroq zabt etilishiga asos bo‘ldi. Qolaversa, bugungi global iqtisodiy jarayonlar, texnologik o‘zgarishlar va xalqaro maydondagi raqobat O‘zbekiston oldiga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Natijada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish zarurati paydo bo‘ldi.

Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning o‘rta va uzoq muddatli rivojlanishini belgilab beruvchi umummilliy taraqqiyot dasturi bo‘lib, u Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlarning aniq maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari va amaliy mexanizmlarini o‘zida mujassam etayotgani, bunda inson kapitalini rivojlantirish, aholi salohiyatini yanada oshirish, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, iqtisodiyotning barqaror va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilanayotgani aytildi.

Shuningdek, muloqotda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida mahalla institutini mustahkamlash, aholi muammolarini manzilli o‘rganish va joyida hal etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi.

Partiya uchun eng muhim masala — strategiya va dasturlar qog‘ozda emas, balki xalq hayotida seziladigan amaliy natijalar bilan ifodalanishi ekanligi ta’kidlandi.

Muloqotda strategiya va dasturlarda belgilanayotgan vazifalar har bir oilaga, har bir fuqaroning hayotiga kirib borishi, bu islohotlar samarasini o‘z turmushida his qilishi uchun jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish zarurligi aytilib, bu yo‘lda partiya deputatlik birlashmalari hamda hududiy tashkilotlari hamkorlikda aniq reja asosida ishlab chiqilgan samarali jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsad qilindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Davlat dasturiga takliflar Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish