Sayyor qabulda aholi murojaatlari eshitilib, muammolarga yechim topildi

 

O‘zbekiston XDP Tuproqqal’a tuman kengashi tomonidan “Deputat mahallada” loyihasi doirasida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Unda tuman Kengashi deputati D.Xojiyev Navbahor mahallasi fuqarolari bilan uchrashib, ularning murojaat va takliflarini tingladi.

Sayyor qabul davomida aholi tomonidan moddiy yordam, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Jumladan, fuqaro R.Saparov moddiy ta’minot masalasida, yolg‘iz ayol G.Jumaniyozova esa oziq-ovqatga ehtiyoji borligi yuzasidan murojaat qildi. Mazkur oilalar deputat tomonidan homiylikka olinib, ularni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, boquvchisi yo‘q ayol D.Iskandarova, fuqaro S.Jumanazarov hamda yoshlardan K.Xujaniyozov va O.Ollaberganovlar ish bilan ta’minlash masalasida murojaat qilishdi. Deputat tomonidan ushbu murojaatlar yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rilib, fuqarolarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ijobiy natijaga erishildi.

Mahalla aholisi tomonidan infratuzilmani yaxshilash yuzasidan ham takliflar bildirildi. Xususan, S.Davidov Do‘stlik va Mustaqillik ko‘chalarida piyodalar yo‘lakchasi qurish, shuningdek, Xorazm va Hazorasp ko‘chalarida joylashgan chiqindi yig‘ish maydonchalari atrofiga kuzatuv kameralari o‘rnatish masalalarini ko‘tardi. Ushbu takliflar bo‘yicha deputat tomonidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborildi.

“Deputat mahallada” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan bunday sayyor qabullar aholi muammolarini joyida o‘rganish, ularga tezkor va manzilli yechim topish, shuningdek, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish