Xalq demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibiga kiritilgan qonun loyihalari partiya dasturiy maqsadlari hamda elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, atroflicha muhokama qilindi.
Fitosanitar zararsizlantirish faoliyati litsenziyalanishini bilan bog‘liq qonun loyihasiga fraksiya a’zolari o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi. Deputatlarga ko‘ra, loyihada fitosanitar xavfsizlikni ta’minlashga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini himoya qilishga qaratilgan normalar bugungi kunda aholimiz uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Biroq, fraksiyamiz a’zosi Zokirjon Zohidov ayrim masalalarga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Xususan, litsenziyalash tartiblari orqali kichik fermer xo‘jaliklari va mahalliy tadbirkorlar uchun ortiqcha ma’muriy to‘siqlar yuzaga kelmasligi, xizmatlar narxining oshishi oqibatida dehqonlar manfaatlariga zarar yetmasligi, davlat nazorati shaffof, ochiq va korrupsiyaviy omillardan xoli bo‘lishi kerakligiga to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilishda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Loyiha bilan ma’muriy sudlarning qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash, takroran ijro qilinmaganligi uchun sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, ma’muriy sud ish yurituvi xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirilmoqda. Bunda dastlabki eshituv, ishonchni himoya qilish kabi yangi institutlar, davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili ma’muriy sudning majlisida majburiy ishtirok etishini ta’minlash tartibi amaliyotga kiritilmoqda. Agar davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili ma’muriy sudning majlisida ishtirok etmasa, jarimaga tortilishi ham nazarda tutilgan.
Kun tartibidan Soliq kodeksiga raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirish uchun o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi ham o‘rin olgan.
Loyihada asosiy e’tibor soliq nazoratiga, xususan, “masofaviy soliq tekshiruvi” tushunchasiga aniqlik kiritish va ushbu soliq tekshiruvini tashkil etish tartibini soddalashtirish masalasiga qaratilgan.
Shu o‘rinda soliq to‘lovchi tomonidan markirovkalash qoidalarini buzish holatlari soliq organining axborot tizimi orqali aniqlanganda huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha ikki marta ogohlantirish berilishi belgilanmoqda. Ya’ni, maqsad qoida buzilgan holatda birdaniga jarimaga tortish emas, balki ogohlantirish orqali qonun ustuvorligini ta’minlashga urg‘u berilmoqda. Agar rasmiy ogohlantirishdan keyin ham huquqbuzarlik aniqlansa, u holda jarima qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Deputatlar har bir qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Qonunlarda ijtimoiy tenglik va aholi manfaatlari doimo ustuvor bo‘lishi lozimligi ta’kidlanib, loyihalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.