Vatan himoyasi — muqaddas burch
Vatan himoyasi — muqaddas burch

 

So‘nggi yillarda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ruhiy tayyorgarlik darajasi izchil oshirib borilmoqda, mudofaa sanoatining salohiyati mustahkamlanmoqda.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida yangi taktik usullar joriy etilib, mashg‘ulotlar soni va shiddati 1,5 barobarga oshirildi. Uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘linmalari va mutaxassislar tayyorlash markazlari tashkil etildi. Qurolli Kuchlarimizning jangovor shayligi va tayyorgarligi darajasi yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Sohada kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilandi.

Bugun xalq va armiya birdamligi amalda ta’minlanib, yoshlarimizning armiya saflarida ona Vatanni himoya qilishdek ezgu maqsadga ishonchi, qiziqishi ortib bormoqda. Tabiiyki, Vatan himoyachilarimiz bor ekan, mustaqilligimizga, tinchligimizga qarshi qaratilgan har qanday tashqi xavflar, ularni oziqlantiruvchi kuchlar va kimsalar o‘zlarining mash’um niyatlariga hech qachon yeta olmaydi. Zero, mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad ham mamlakatimiz xavfsizligi va xalqimiz tinchligini ta’minlashdir.

Davlat rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida ham sohada erishilgan natijalar tahlil qilinib, kelgusi istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim vazifalar belgilab berildi.

Xususan, sohada harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga ustuvor e’tibor qaratilishi, muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz jamiyatda mustahkam o‘rnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi aytildi.

Jumladan, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.

Qayd etish joizki, keyingi yillarda milliy armiyamizni dunyoning eng yuqori mudofaalari darajasiga olib chiqish borasida katta qadamlar tashlandi. O‘tgan qisqa davrda harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi.

Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘ta muhim loyihalar amalga oshirildi. Asosiysi, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish borasida olib borilgan izchil islohotlar, tinimsiz izlanishlar natijasida mamlakatimiz xavfsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, har tomonlama zamonaviy qurollangan, qudratli armiyamiz shakllanmoqda.

Shu bilan birga, bugun shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Bu borada sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasining hamda 1997-yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasining qayta ko‘rib chiqilishi milliy xavfsizlikni yanada ishonchli ta’minlash, davlat mustaqilligi va hududiy yaxlitligini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Umuman olganda, tinchlik-osoyishtalikdan ko‘ra azizroq ne’mat yo‘q. Yurt notinch bo‘lsa to‘y-tomosha, xursandchilik tatimaydi. Shunday ekan, tinchlikni asrab-avaylamoq va bu yo‘lda jon fido qilish shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchidir.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish