Qonun loyihalarida kafolat, teng imkoniyat va hisobdorlik bo‘lishi kerak

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi qonun loyihalarini “ma’muriy qulaylik” yoki “tartib-taomilni soddalashtirish” degan umumiy shiorlar bilan emas, balki, fuqarolar xavfsizligi, ijtimoiy kafolatlar, teng imkoniyatlar va davlatning hisobdorligi nuqtai-nazaridan baholaydi.

Bu galgi fraksiya yig‘ilishida muhokama qilingan qonun loyihalari ham aynan shu mezonlar asosida ko‘rib chiqildi.

Masalan, bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini nazorat qilishda davlat nazorati va boshqaruvining yanada takomillashtirilishiga qaratilgan qonun loyihasi atrofida muhokamalar uzoq davom etdi.

Xususan, deputat Anvarxon Temirov loyiha bo‘yicha qator taklif va fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. Unga ko‘ra, seysmik xavfsizlik nazoratida javobgarlik zanjiri ya’ni, loyihalash – ekspertiza – qurilish – qabul qilish – ekspluatatsiya bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat aniq belgilanishi, tekshiruv natijalari, obyektning seysmik toifasi, ekspertiza xulosasi bo‘yicha jamoatchilikka ochiq ma’lumotlar taqdim etilishi, eng asosiysi, sohada “qog‘ozda qabul qilish” amaliyotiga chek qo‘yadigan raqamli nazorat va majburiy audit normalari belgilanishi lozim.

Yig‘ilishda muhokama qilingan aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni ko‘rsatish, shuningdek tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘yicha ham partiya pozitsiyasi aniq bildirilib, qator takliflar bildirildi.

Loyihaga ko‘ra, qonunchilikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan qo‘shimcha xizmat hisoblanadigan tibbiy yordam turlari pulli asosda ko‘rsatilishi, shuningdek aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini malaka toifasi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni nazarda tutuvchi tartib belgilanmoqda.

Fraksiyamiz a’zosi Qizilgul Qosimova mazkur qonun loyihasi tibbiyot yo‘nalishida oliy ta’lim olayotgan 4-5 kurs talabalarining bir vaqtning o‘zida hamshira va yordamchi tibbiyot xodimi kabi ma’lum vazifalarda ishlashi taqiqlanayotganiga e’tiroz bildirdi.

Deputatimiz ko‘ra, yuqori kurs talabalarining o‘qish davrida ma’lum vazifalarda ishlab tajriba ortirayotgani ularning ertangi faoliyatiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qolaversa, partiyamiz elektorati hisoblangan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari shu yo‘l bilan pul topib, o‘zini-o‘zi moddiy ta’minlashi, oilasiga yordam berishi mumkinligini ta’kidlab, qonun ijodkorlaridan bu jihatga e’tibor qaratishni so‘radi.

Mas’ullar loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bu masalani yana muhokama qilib ko‘rishini bildirishdi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan har bir qonun loyihasi partiya pozitsiyasidan kelib chiqib, elektorat manfaatlari inobatga olgan holda atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish