Markaziy Osiyo dunyoda o‘ziga munosib, muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda. Bu har birimizni g‘ururlantiradi, ayni paytda, doimiy mas’uliyatga undab turadi. Kunchiqar yurtda yuksak darajada o‘tgan “Markaziy Osiyo plus Yaponiya” birinchi sammiti, ekspertlar qayd etganidek, tarixiy ahamiyatga egadir.
Jahonda geosiyosiy ziddiyatlar kuchayayotgan, o‘zaro ishonch zaiflashayotgan davrda O‘zbekistonning hamkorlik va birdamlikka intilayotgani quvonarli. Alohida ta’kidlash kerakki, bu xalqimiz xohish-irodasining amaliy ifodasi bo‘lmoqda. Tinchlikni saqlash va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar birlashishi, aminmizki, sammitda qatnashgan barcha mamlakatlar xalqlarini mamnun qiladi.
O‘zbekiston Prezidenti sammitdagi nutqida har tomonlama chuqur va keng ahamiyatga ega fikrlar hamda taklif-tashabbuslarni ilgari surdi. Donishmand yapon xalqining ulkan tafakkur xazinasidan keltirilgan “agar kuchlar birlashtirilsa, tog‘larni ham o‘z o‘rnidan siljitish mumkin”, degan hikmat bunday formatdagi uchrashuvlarga to‘liq mos keladi.
Avvalo, hamkorligimizni strategik muhim yo‘nalishlarda mustahkamlashga qaratilgan Tokio deklaratsiyasi qabul qilingani olqishlandi.
Har qanday hamkorlik aniq maqsadni ko‘zlar ekan, reja va ko‘rsatkichlarga erishishga asos bo‘ladigan tizimli hujjatga ehtiyoj seziladi. Nutqda “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tarafdori ekanimiz bildirilgani shu ma’noda muhimdir. Alohida qayd etilganidek, mazkur hujjatda mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish bo‘yicha aniq dastur hamda loyihalarni kiritish mumkin bo‘ladi.
Albatta, iqtisodiyoti, ilm-fani, ishlab chiqarishi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari sezilarli farqlanadigan davlatlarning hamkorligini amaliy chuqurlashtirish keng qamrovli yondashuvni taqozo etadi. Yuksak darajadagi diplomatik kelishuvlarni amalga oshirish, real natijalarga erishish ko‘p jihatdan olim va ekspertlar hamkorligiga, ularning birgalikdagi tashabbuskorligiga bog‘liqdir.
Hamkorlikning keng ko‘lamli kun tartibini shakllantirish uchun mamlakatlarimizning yetakchi tahlil tuzilmalari ishtirokida Ekspertlar forumini ta’sis etish taklifi hayot haqiqatiga asoslangan. Yetuk malakali va tor dioradagi mutaxassislarning yagona platformadagi muloqoti yangi yechimlar va tashabbuslarga asos bo‘lishi aniq. O‘zbekiston muzokaralar uchun platforma taqdim etishga va forumning ilk majlisini poytaxtimizda chaqirishga tayyor ekani bildirildi.
Transport masalasiga kelganda, “yapon sifati” dunyodagi eng ishonchlilardan biri hisoblanadi. Bu sohada hamkorlik Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun muhim yangiliklarni olib kelishiga shubha yo‘q. Shuning uchun nutqda Yaponiya zamonaviy va ishonchli transport infratuzilmasini yaratishda katta tajribaga ega ekani, mintaqada tranzit va logistika tarmog‘ini rivojlantirishda muhim sheriklardan biriga aylanishi mumkinligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston tezyurar poyezdlar va avtomobil yo‘llarini barpo etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirishga Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va ekspertlarining ko‘magini jalb etishdan manfaatdordir.
Har qanday yuksak iqtisodiy rivojlanishning asosida kuchli ilm-fan turadi. Shu jihatdan qaraganda, Yaponiyaning ta’lim va malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi ko‘magi Markaziy Osiyo uchun, jumladan, O‘zbekiston uchun zarur. Nutqda ta’lim, ilmiy va akademik almashuvlarni bundan buyon ham kengaytirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz ma’lum qilindi.
O‘zbekistonda kelgusi yili “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida ta’lim vazirlarining birinchi yig‘ilishini, shuningdek, mintaqadagi yetakchi universitetlar rektorlarining ilk forumini o‘tkazish taklif qilindi. O‘ylaymizki, bunday tashabbus istiqbolli yosh avlod o‘rtasida fikr va tajriba almashish jarayonini jadallashtirishga, asosiysi, gumanitar sohalarda o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bu borada nutqda yana bir taklif ilgari surildi. Ya’ni, yoshlar hamjamiyatlari o‘rtasida uzoq muddatli aloqalarni shakllantirish, ularning ijodiy, texnologik va professional salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan Yoshlarni rivojlantirish mintaqaviy tarmoq dasturlarini qabul qilish tarafdori ekanimiz bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Parlamentining Vakillar palatasi spikeri Fukushiro Nukaga bilan o‘tkazgan uchrashuvda strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Parlamentlar qo‘mitalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va Yaponiya prefekturalari assambleyalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.
Keng qamrovli muloqotlar Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari amalga oshishiga keng yo‘l ochadi. Iqtisodiy yuksalish yo‘lidagi hamjihatlik o‘z navbatida yurtimizdagi ijtimoiy masalalar samarali hal etilishi imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ro‘yobga chiqishi Markaziy Osiyo va Yaponiya mamlakatlari o‘rtasida muloqot muhitini rivojlantirishga amaliy hissa qo‘shadi, xalqlarimiz farovonligi yo‘lidagi hamkorlik yangi darajalarga ko‘tarilishiga mustahkam asos bo‘ladi. Biz bunga qat’iy ishonamiz.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.