O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Eng faol deputat” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi.
“Tashabbus va g‘oyalarimiz mustaqil, yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun!” shiori ostida tashkil etilgan tanlovdan ko‘zlangan maqsad — “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida, xususan “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosida mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari faolligini oshirish, partiya Saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlashda deputatlik korpusi salohiyatini kuchaytirishdan iborat.
Tanlovni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari X.Eshimbetov ochib berdi.
Ko‘rik-tanlovda tuman va shahar bosqichi g‘oliblari aholi muammolarini hal etish samaradorligi, siyosiy hozirjavoblik hamda muammolarga yechim topish bo‘yicha o‘z bilim va tajribalarini namoyish etdilar.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Xo‘jayli tuman Kengashi deputati Nargiza Primbetova birinchi o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Chimboy tuman Kengashi deputati Xamza Abdijaliyev hamda Taxtako‘pir tuman Kengashi deputati Timur Jusipovga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa Nukus tuman Kengashi deputati Raxat Purxanov, Qonliko‘l tuman Kengashi deputati Xurliman Otambetova va Taxiatosh tuman Kengashi deputati Yusupbay Abdisadikovlar egalladi.
Tanlov yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.