Toshkent shahri nuroniy otaxon-onaxonlar uchun qanchalik qulay?

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi el-yurt rivojiga katta xizmati singgan nuroniylarni ijtimoiy himoya qilish, ularga qulay sharoit yaratish, davlat va jamiyat oldidagi muhim vazifa, deb hisoblaydi.

Shuning uchun partiya deputatlik korpusi orqali bu borada belgilangan dastur va vazifalar ijrosi bo‘yicha manzilli o‘rganishlar o‘tkazib, mutasaddilar va ekspertlar ishtirokida doimiy muhokamalar tashkil qilmoqda.

Toshkent shahridagi o‘rganishlarning dastlabki natijalari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrida nuroniylar uchun yaratilgan sharoitlar hamma tumanlarda ham bir xil va barqaror emas. Ayrim joylarda imkoniyatlar namunaviy darajada bo‘lsa, ba’zi hududlarda esa nuroniy otaxon-onaxonlar uchun hatto minimal sharoit ham yaratilmagan.

Xususan, Bektemir tumani “Rohat” mahallasidagi “Nurli maskan” majmuasi namunaviy tarzda tashkil etilgani, zamonaviy sport maydonchasi, yugurish yo‘laklari, kitob o‘qish va suhbat qurish uchun qulay imkoniyatlar mavjudligi e’tirof etildi.

Lekin Olmazor tumanidagi “Miskin” va “Shodiyona” mahallalarida achinarli holatlarga duch kelingan. Mahallalarda dam olish joyi bor, ammo gaz ta’minotidan uzilganligi sababli xonalar sovuq, maskandan ma’lum vaqt davomida mahalla idorasi sifatida ham foydalanib kelingan.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari qayd etishicha, nuroniylar maskanlarida asosan xonalarning ta’mirtalabligi, kirib-chiqish yo‘laklarining keksalar foydalanishi uchun noqulayligi, isitish va sanitariya holati talab darajasida emasligi muammolar tizimli tus olgan.

Mas’ullar, ekspertlar hamda jamoatchilik vakillari o‘zlarining fikr-mulohazalarini, taklif-tashabbuslarini bildirishdi.

Poytaxtimizning barcha mahallalarida Nuroniylar maskanlari uchun yagona minimal standartlar qabul qilish, mavjud maskanlarni faqat ta’mirlash bilan cheklanmasdan, ularni ijtimoiy faollik maskaniga aylantirish, qiziqishlar bo‘yicha to‘garaklar, salomatlikka oid treninglar, madaniy va ma’rifiy uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yish, umuman, Toshkent shahrini piru badavlat nuroniylar uchun qulay makonga aylantirish haqida takliflar ilgari surildi.

Dastlabki o‘rganishlar va jamoatchilik eshituvidagi ilk muhokamalardan keyin xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi Xalq demokratik partiyasi guruhi majlisida tahliliy ko‘rib chiqish kerakligi qayd etildi. Nuroniy otaxon-onaxonlarni ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tibordagi vazifa bo‘lishi zarur.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi Partiya munosabati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish