Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda deputatlar «2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi, «Budjet jarayoni takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Loyihaga ko‘ra, 2026-yilga mo‘ljallangan soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarida belgilangan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish uchun zarur huquqiy asoslarni yaratish, soliq yukining adolatli taqsimlanishini ta’minlash, shuningdek, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish mexanizmlarini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Shu bois O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi qonun loyihalari muhokamasida asosiy elektorati manfaatlari hamda so‘l qanot partiya sifatidagi siyosiy pozitsiyasiga alohida e’tibor qaratdi.
Fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov soliq tizimida barqarorlikni saqlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish, shu bilan birga, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Aholining ehtiyojmand qatlamlariga davlat tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar ko‘lamini yanada kengaytirish, aholining kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun soliq yukini yanada qisqartirish, ayrim to‘lov va yig‘imlarni bosqichma-bosqich kamaytirish zarurligi, budjet mablag‘larining shakllanishi va sarflanishi yuzasidan ma’lumotlarni omma uchun yanada ochiq va to‘liq taqdim etish, ochiq ma’lumotlar portali orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari partiyaning ustuvor maqsadi ekanligiga alohida urg‘u berildi.
Fraksiya a’zosi Firdavs Sharipov loyihada aks etgan ayrim normalar bo‘yicha, xususan, soliq imtiyozlarini berishda aniq mezonlar o‘rnatish, natija bermayotgan imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish, yangi tashabbuslarni tajriba tariqasida alohida hududlarda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari Ulug‘bek Shermatov va Sayyora Imomova maktablarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish, isitish tizimlari ishlashini tashkil qilish, shu yo‘nalishlarda moliyaviy manbalar barqarorligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Mutasaddi tashkilotlar bilan bu masalani atroflicha muhokama qilib, hududlarda ta’sir choralarini kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Deputatlar savol-javob, fikr-mulohazalardan keyin takliflarni ilgari surgan holda qonun loyihalarini ma’qullab, qaror qabul qildi.