Jizzax viloyatidagi ijtimoiy xizmatlar holati muhokama qilindi

 

Xalq demokratik partiyasi so‘l qanot partiya sifatida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan islohotlarning samarali, xizmatlarning sifatli va manzilli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratadi. Shu sababdan partiya “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” faoliyatini doimiy ravishda takomillashtirib borish kerak, deb hisoblaydi.

Partiya tashabbusi bilan Jizzax shahrida deputatlar, faollari, mutasaddi tashkilotlar va mas’ullar ishtirokida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”: tizimni takomillashtirish masalalari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida atroflicha fikr almashildi.

Avvalo, aholini ijtimoiy himoyalash bo‘yicha reyestr tizimiga o‘tilgani, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish borasida ko‘rilayotgan choralar qanday natijalar berayotgani raqamlar asosida tahlil qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jizzax viloyatida 2024-yil noyabr oyida nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni 44 010 tani, bir oylik mablag‘ miqdori esa 22,7 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

Joriy yil noyabr oyiga kelib esa ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 34 659 tani hamda budjetdan ajratiladigan bir oylik mablag‘ miqdori 19,5 mlrd. so‘mni tashkil qilmoqda.

Statistik raqamlarda ko‘rinib turibdiki, reyestrga kiritilgan oilalar bilan manzilli ishlash, monitoring qilish, ularning real daromadini oshirish hamda doimiy bandligini ta’minlash orqali viloyatda ikki yilda 8 mingdan ortiq oilaning hayot sifati yaxshilangan.

Bugungi kunda viloyatda 45 355 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar bor. Ularning soni yil boshiga nisbatan deyarli 1,5 ming nafarga oshgan. Kasallanish darajasining ortib borishi, patronaj xizmatining qoniqarsizligi, skrining markazlarida doimiy tekshiruvdan o‘tkazilmaslik, erta va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar tufayli nuqsonli bolalarning tug‘ilishi kabi muammolar nogironlik holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Mana shu holatdan kambag‘allikni qisqartirish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish moliyaviy, kasbiy qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash masalalariga ham chambarchas bog‘liq ekani ko‘rinmoqda. Masalan, e’tiborsizlik yoki mas’uliyatsizlik sababli nuqsonli tug‘ilgan bir nafar bolaga yillar davomida tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shuning uchun qat’iy targ‘ibotni, sifatli xizmatni har bir hududda talab darajasida yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Viloyatda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Jumladan, 2025-yil yakuniga qadar 3057 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirda deyarli 7 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z intilishlari ortidan ishga joylashgan.

Davra suhbatida tizimdagi muammo va kamchiliklarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Masalan, hukumat tomonidan hokimliklarga ijtimoiy xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, joylarda, mahalla fuqarolar yig‘inlarida ijtimoiy xodimlar uchun alohida xona ajratilishi hamda ularga ishlash uchun zarur sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish vazifasi topshirilgan. Lekin viloyatda mazkur topshiriq ijrosi bilan bog‘liq kamchiliklar yetarlicha.

Xususan, bugungi kunda viloyatning 304 ta mahallasida 290 ta ijtimoiy xodim faoliyat olib borayotgani, ulardan 162 nafar ijtimoiy xodimlar kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlangan, qolgan 128 nafar xodimlarda kompyuter yo‘q. Hozir hamma ma’lumot va xizmat raqamlashayotgan sharoitda ish jarayonini xizmat kompyuterisiz tasavvur qilish qiyin. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ni yuritishda muayyan qiyinchiliklar ham yuzaga keladi. Shuning uchun mazkur masalani qisqa muddatda hal etish muhim ijtimoiy ahamiyatga ega.

Davra suhbatida natijalar e’tirof etildi, muammo va kamchiliklar ochiq-oydin aytilib, ularni hal qilish bo‘yicha taklif-tavsiyalar bildirildi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish