Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi Buxoroda tanqidiy muhokama etildi

 

Xalq demokratik partiyasi yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash jamiyatda ijtimoiy birdamlikni kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega masala, deb hisoblaydi.

Partiyamiz deputatlari va faollar davlat tomonidan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini Buxoro viloyati misolida o‘rganib, tahliliy ma’lumotnoma tayyorladi. Unda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmining amaliy holati, mavjud muammolar va tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar yuzasidan tahliliy xulosalar bor.

O‘rganish natijalariga bag‘ishlab “Yosh oilalarga davlat yordami tizimi: amaliy natijalar va muammolar mavzusida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Eshituvda viloyatdagi mas’ul idoralar mutasaddilarining axborotlari eshitildi.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro shahrida 11 foiz yosh oilalarda uy-joy muammosi mavjud. Bunga sabab sifatida shaharda uy-joy qimmatligi uchun yosh oilalarga ajratiladigan amaldagi subsidiya miqdori uylarning boshlang‘ich badalini to‘lashga yetmasligi aytildi. Shu bois subsidiyalar miqdorini oshirish zarurati paydo bo‘lgan. Shuningdek, G‘ijduvon va Vobkent tumanlarida 12 foiz yosh oilalarda uy-joyga ehtiyoj bor. Bundan tashqari, Qorako‘l, Olot va Jondor tumanlaridagi yosh oilalar vakillarining 22 foizi ishsiz ekanligi aniqlangan.

Yig‘ilganlar uy-joy muammosini hal qilish uchun ayrim olis tumanlarda subsidiyaga ikkilamchi bozorda uy xarid qilishga ham ruxsat berish, ishsizlik yuqori hududlarda yoshlarga yer maydoni ajratish tartibini soddalashtirish hamda dehqonchilik va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun past foizli “startap kreditlar”ni joriy etish haqida takliflar bildirishdi.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari axborot va takliflarni eshitib, o‘z pozitsiyalarini ma’lum qildi. Savol-javob asosidagi muhokamalardan so‘ng xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhining tegishli qarori qabul qilindi.

Chetroq tumanlarda subsidiyalarni faqat yangi uy-joylarga emas, balki yakka tartibdagi uy qurish ishlariga ham yo‘naltirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Ko‘p qavatli uylar qurilmaydigan hududlardagi yosh oilalarning aynan shu shakldagi qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji yuqori bo‘ladi. Jamoatchilik eshituvining yana bir natijasi sifatida bu taklif parlamentdagi fraksiyamizga respublika darajasida o‘rganib chiqish uchun yuboriladigan bo‘ldi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish