Avval xabar berganimizdek, xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi deputatlari oktabr–noyabr oylarida viloyatdagi ijtimoiy soha obyektlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirmoqda.
Deputatlarimiz bu gal Xiva tumanidagi “Shayx Najmiddin Kubro” mahallasida joylashgan 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.
Mazkur ta’lim muassasasi 1977-yilda qurilgan. Hozirda maktabda 100 nafar o‘qituvchi va xizmatchilar faoliyat yuritib kelmoqda. Maktabda bugungi kunda 1072 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, maktabga "Open budjet" platformasi orqali 700 million so‘mlik mablag‘ yutib olinib, ta’lim muassasaning derazalari yangi, zamonaviysiga almashtirilgan. Shuningdek, maktabning fasad qismi ham zamonaviy ko‘rinishda ta’mirlangan.
Deputatlarimiz maktabdagi isitish qozonlarining ishlash holati, mavjud ko‘mir zaxirasi va yong‘in xavfsizligi burchagi bilan ham tanishdi. Bugungi kunda muassasada 5 ta zamonaviy isitish qozoni o‘rnatilgan. O‘rganish jarayonida ta’lim muassasasining umumiy holati qoniqarli ekanligi, dars jarayonlarini samarali tashkil etish, o‘quvchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, hamda kuz-qish mavsumida ta’lim jarayoni uzluksiz davom etishini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligi qayd etildi.