Bugungi kunda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va iqtisodiy faollikni kuchaytirish yo‘lida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Belgilangan vazifalar hududlarda qanchalik samarali bajarilyapti, o‘zgarishlar aholi turmushida aks etayaptimi, degan savollar har doim muhim.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ijro holati bo‘yicha ishchi guruh tuzib, respublikamizning barcha hududlarida o‘rganishlar, maqsadli monitoring ishlarini olib bormoqda. O‘rganilgan ma’lumotlar, guvoh bo‘lingan muammoli holatlar mutasaddi va mutaxassislar ishtirokida doimiy tahlil etilmoqda.
Partiya Markaziy Kengashida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash holatini o‘rganish va monitoring yakunlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Unda Farg‘ona, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari, aniqlangan muammo va kamchiliklar haqida mutasaddi idoralar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur hududlarda aholini kambag‘allikdan chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xotin-qizlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va kasbga tayyorlash yo‘nalishlarida tizimli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida 307 340 nafar aholi bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, 392 311 nafar aholi band qilingan. Surxondaryo viloyatida 256 675 aholi bandligi ta’minlanishi reja qilingan, amalda 312 199 nafar aholi ishli bo‘lgan. Sirdaryo viloyatida esa bandlik rejasi 110 foizga bajarilgani ko‘rsatilgan.
Hisobotlarda keltirilgan raqam va ma’lumotlar real hayotga qanchalik to‘g‘ri kelayapti, qanday masalalar yechimini kutyapti, qanaqa yangi takliflar bor, degan savollar jamoatchilik eshituvida asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.
Yig‘ilishda bandlik dasturlari tasdiqlanib, ijrosi bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani Xalq demokratik partiyasining ustuvor dasturiy maqsadlariga mos kelishi qayd etildi.
Lekin, shu bilan birga, aholi vakillari va mas’ul idoralar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ayrim muammo va kamchiliklar ham aniqlangani aytib o‘tildi.
Xususan, hududlardagi mahalliy va xorijiy ish beruvchilarning talabi shakllantirilmagani, ya’ni kasbga o‘qitish markazlarida ish beruvchi taklif qilayotgan ish o‘rinlariga mos mutaxassislar tayyorlanmayotgani ta’kidlandi.
Bunga yechim sifatida kasblarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashda tadqiqotlar o‘tkazish va ularning natijalari bilan doimiy tanishtirishni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Tadqiqotlar va tahlillarga amal qilgan holda ichki va tashqi mehnat bozori talabiga mos kasblarga o‘qitish orqali keraksiz kasblarga o‘qitish uchun ketadigan mablag‘ va vaqtni tejash imkoni bo‘ladi.
Chekka hududlarda o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkalarini mahalliy aholining real sharoiti, iqtisodiy imkoniyatlari va mehnat bozoridagi talabidan kelib chiqib tashkil etish kerakligi, hozirda mehnat yarmarkalari barcha toifadagi aholini qamrab ololmayotgani ta’kidlanib, moslashtirilgan, maqsadli yo‘naltirilgan yarmarkalarni ko‘paytirish taklif etildi.
Shuningdek, muloqotda partiya faollari kam daromadli aholini qo‘llab-quvvatlash orqali kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratishdi. Mahalla va boshqa mutasaddi tuzilmalar tomonidan kambag‘al oilaga bir martalik yordam ko‘rsatilib, keyin kambag‘allik reyestridan chiqarilib yuborilishi holatlari kuzatilayotgani asosiy maqsadga to‘g‘ri kelmasligi qayd etildi.
Qolaversa, yig‘ilishda faoliyati tugatilgan tadbirkorlik subyektlarida ishlagan xodimlarni yangi ishga qabul qilishdagi qiyinchiliklar haqida gapirildi. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida ish faoliyati tugatilgan tadbirkorlik subyektlari xodimlarini belgilangan tartibda ishdan bo‘shatmaganligi ko‘rsatildi. Shuning uchun faoliyati tugatilayotgan tadbirkorlik subyektlari boshqa chora bo‘lmasa, oldin barcha xodimlarni ishdan bo‘shatib, keyin faoliyatini tugatish kerakligi ta’kidlandi. Shunda yangi ish joylariga joylashishda muammolar yuzaga kelmaydi.
Eshituvda ko‘tarilgan masalalar, bildirilgan fikrlar asosida mutasaddi tashkilotlarga tegishli takliflar yuborilishi qayd etildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari o‘rganishlar davom etishini, boshqa hududlar bo‘yicha ham jamoatchilik eshituvini tashkil qilinishini bildirdi.