
Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi barcha sohada ijtimoiy mezonlar ustuvorligini ta’minlash jarayonini jadallashtirdi. Bunda faqat ko‘makka muhtoj qatlam vakillariga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, qo‘llab-quvvatlash emas, balki joylarda ijtimoiy infratuzilmalarni yaxshilash, ta’lim, tibbiyot, uy-joy, kommunal xizmatlari, yo‘lsozlik kabi dolzarb masalalarda yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish, aholining bandlik ko‘rsatkichlarini oshirish, ishsiz fuqarolarni kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikka jalb qilish chora-tadbirlarida ham sur’at va qamrov yangi bosqichga chiqdi.
Shaxsan meni quvontiradigan jihat shuki, ijtimoiy islohotlarda tadbirkorlarimiz ishtiroki va ulushi sezilarli o‘sib bormoqda. Ijtimoiy mas’uliyatli biznes shakllanmoqda. Bu esa ijtimoiy davlatga xos bo‘lgan muhim belgilardan biridir.
Tadbirkorlarimiz ehtiyojmand hamyurtlarimizga xayr-u saxovat ko‘rsatish ishlarida bosh bo‘lish barobarida ana shunday fuqarolar uchun ish o‘rinlari yaratish, shu orqali ularni kambag‘allikdan olib chiqish bilan bog‘liq ijtimoiy majburiyatlarni bajarishda davlatning potensial sherigiga aylanmoqda. Ta’lim, tibbiyot, atrof-muhitni asrash singari yo‘nalishlarda salmoqli ijtimoiy loyihalarning tashabbuskorlari bo‘lmoqda.
Misol uchun, davlat rahbarining 8-maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida hududlarimizda qator ishlar olib borilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini ta’minlash ko‘zda tutilganining o‘zi insonparvar ijtimoiy siyosatning yorqin tasdig‘i. Ahamiyatlisi, ishlash va jamiyatda o‘z o‘rnini topish istagidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlagan tadbirkorlar uchun imtiyozlar berildi. Ya’ni, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Birgina nogironligi bo‘lgan shaxslar emas, umuman, yoshlar, xotin-qizlar, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan aholi vakillari bandligini ta’minlashda faollik ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy rag‘batlantirish tizimining yaratilishi mulkdorlar sinfida ijtimoiy mas’uliyatning ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib, deydilar. Shu ma’noda, fikrim isbotini uzoqdan emas, o‘z korxonam faoliyati misolida keltirsam.
Maktab va bog‘chalar, sport maktablari, turli jamoalar, havaskor va professional sportchilar uchun eng sifatli inventarlarni, davlat va jamoat tashkilotlari uchun mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamizda 200 nafardan ortiq kishi ish bilan band. Samarqand tumanidagi Qurilish va hunarmandchilik texnikumi bilan bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qilib kelamiz. Korxonamiz ishchilarining asosiy qismi ushbu o‘quv maskanini bitirgan yoshlardan iborat ekanini aytishim kerak. Bu yoshlar o‘z mehnati va tajribasi bilan daromad topmoqda, ro‘zg‘orini obod qilmoqda, korxonamiz rivojiga hissa qo‘shmoqda. Yoshlar uchun, ayniqsa, uyushmagan, ishsiz yigit-qizlar uchun yana yangi ish joylarini ochish bizning diqqat-markazimizdagi masala.
Ishonchim komil, aholining asosiy qatlami bo‘lgan yoshlarning, ijtimoiy ko‘makka muhtoj yuzlab opa-singillarimizning, kambag‘allikdan chiqish umididagi oilalar a’zolarining bandligini oshirishga intilayotgan tadbirkorlik subyektlari yurtimizda, xususan, Samarqand viloyatining o‘zida minglarcha raqamni tashkil qiladi. Deputat sifatida joylarda bo‘lganimda, aholi bilan muloqot va o‘rganish ishlarini olib borganimda buning ayni haqiqat ekaniga juda ko‘p bora iqror bo‘laman.
Yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy islohotlarning natijadorligi tadbirkorlarimizda daxldorlik, fidoyilik, insoniylik negiziga asoslangan ijtimoiy mas’uliyatning ortishiga chambarchas bog‘liqdir.
O‘ktam SAIDMURODOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor,
xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati,
“Stekloplastik” MCHJ rahbari.
«O‘zbekiston ovozi», 15.10.2025, №41