Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari hamda partiya mas’ullari Andijon va Toshkent viloyatlarida aholi, soha mutaxassislari va yoshlar bilan turli yo‘nalishlarda uchrashuvlar o‘tkazdilar. Muloqotlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati tushuntirildi, mavjud muammolar va takliflar o‘rganildi.
Angren shahrida fraksiya a’zosi Qizilgul Qosimova, shahar Kengashi raisi Feruza Abdurahimova hamda deputatlar Murod Xolmatov va Esonali Karabayevlar ishtirokida “Mirzo Ulug‘bek” mahallasining 43-maktabida o‘quvchi va pedagoglar bilan muloqot o‘tkazildi. Unda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar siyosati va uning ustuvor yo‘nalishlari haqida fikr yuritildi. Shuningdek, ta’lim muassasalaridagi shart-sharoitlar va muammolar o‘rganildi.
Shuningdek, deputat Qizilgul Qosimova boshchiligidagi ishchi guruh “Yangiobod” sanatoriysi va 3-Oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, sohada shaffoflik va halollikni ta’minlash masalalari muhokama etildi.
Andijon viloyatida esa deputat Anvarjon Nurmatov hamda partiya mas’ullari Bo‘ston tuman tibbiyot texnikumida talabalar va o‘qituvchilar bilan uchrashdilar. Muloqotda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi, partiyaning ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi tashabbuslari, korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuv yakunida 10 nafar yosh partiya safiga qabul qilinib, ularga a’zolik guvohnomalari topshirildi.
Shu bilan birga, Bo‘ston tuman markaziy poliklinikasida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar va yangi elektron baza — DMET tizimi faoliyati muhokama etildi. Tibbiyot xodimlari tizimdagi qulayliklar va ayni paytdagi qiyinchiliklar haqida o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
O‘tkazilgan uchrashuvlar xalq vakillarining aholi ichiga borib, muammolarni o‘rganish, fuqarolarning takliflarini eshitish va ularni yechimini topishga qaratilgan samarali muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.