Xalq deputatlari G‘ijduvon tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputati, tuman hokimi Farhod Umarov “Zarafshon” mahallasida aholi bilan uchrashib, fuqarolar bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish, mavjud muammolarni manzilli hal etish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.
Mahalla “yettiligi” bilan hamkorlikda fuqarolarning murojaatlari, oilalarning ijtimoiy-maishiy sharoiti va daromad manbalari o‘rganilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.
Shuningdek, mahalladagi bo‘sh turgan bino va inshootlardan foydalanish holati o‘rganildi. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish istagidagi fuqarolarga imtiyozli kredit mablag‘laridan foydalanish imkoniyatlari tushuntirildi. Ularning qisqa muddatlarda faoliyatini yo‘lga qo‘yishi bo‘yicha mas’ullarga vazifalar berildi.
“Yangirabot” qishlog‘ida xonadon sharoitida tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan oilalar tajribasi ham o‘rganildi. Milliy ansambl liboslari uchun turli bezaklar tayyorlash orqali 8 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning har biri oyiga 2–3 million so‘mgacha daromad olmoqda. Faoliyatni kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Fuqarolarning murojaatlari asosida xonadonlarga borilib, oilalarning sharoiti va bandlik masalalari ham joyida o‘rganildi. Ishsiz fuqarolarni doimiy va daromadli mehnatga jalb etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Amaliy ishlar doirasida imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan fuqarolarga chorva mollari olib berilib, xonadonlarda qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirishga ko‘maklashildi.
Mahallalarda olib borilayotgan bu kabi ishlar aholi bilan ochiq muloqot qilish, muammolarni manzilli o‘rganish va fuqarolarning bandligi hamda daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan amaliy choralarni belgilashga yo‘naltirilmoqda.