Muloqotlarda muammolarni o‘rganish, fuqarolarning fikr va takliflarini tinglash maqsad qilingan

 

Avval xabar berganimizdek, deputatlarimiz hududlarda saylovchilar bilan ochiq muloqotlar, o‘rganishlar olib bormoqda.

Deputatimiz Zokirjon Zohidov Rishton tumanidagi “Pastki Peshkapa” mahallasida bo‘lib aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi va mahalla yettiligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Muloqotda fuqarolar tomonidan bildirilgan dolzarb masalalar, xususan, ijtimoiy infratuzilma, ta’lim va kommunal xizmatlarga oid muammolar tinglandi.

Shuningdek, deputat hududdagi 5-sonli umumta’lim maktabi hamda 41-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘rganishlar olib bordi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilar bilan bog‘lanib, zaruriy choralar ko‘rishga kelishib olindi.

 

Fraksiyamiz a’zolari Dilbar Mamadjanova va Shokirjon Ahmedov Farg‘ona shahrida joylashgan 25-26-sonli maktablarga borib, yaqinlashib kelayotgan “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan mashaqqatli va shu bilan birga sharafli kasb egalarini tabriklab, ochiq muloqot o‘tkazishdi.

Muloqotda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan fikrlar, taklif va tashabbuslar ahamiyati haqida ham so‘z yuritildi.

Uchrashuv qatnashchilari pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish borasida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlashlarini qayd etishdi.

 

Yana bir deputatimiz Zulayho Akramova ishtirokida Forish tuman hokimligida maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Z.Akramova korrupsion holatlarning 75 foizi shahar va tumanlarda maishiy shaklda bo‘layotgani, ko‘p hollarda bu illatning sabablari chetda qolib, oqibati bilan kurashilayotgani, odamlarning kundalik ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank hamda soliq idoralarida byurokratiya va “korrupsion tuynuklar”ning to‘liq bartaraf etilmaganini aytib o‘tdi.

Tadbir yakunida maishiy korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish