Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari hududlarga chiqib, aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Masalan, fraksiyamiz a’zosi Sharofiddin Nazarov Koson tumanidagi “Yuqori Maydayobu” mahalla fuqarolar yig‘inida saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda deputat mahalla yettiligi faoliyati bilan yaqindan tanishib, partiya fraksiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan va qabul qilinayotgan Qonunlarning mazmun-mohiyati, maishiy korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr-mulohazalar bildirdi.
Shu bilan birga deputat tomonidan saylovchilar qabuli o‘tkazib, murojaatlar qabul qilindi.
Deputatimiz Sayyora Imamova Bo‘zatov tumani hududidagi ijtimoiy obyektlar bilan yaqindan tanishdi.
S.Imamova dastlab, tumandagi 8-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi va bu yerda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng, 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borib, maktab jamoasini yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabriklab, o‘quvchilari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, har bir ijtimoiy obyektda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari sifati, isitish uskunalarining talab darajasida ekanligi, xonalarning issiqlik darajasi o‘rganildi.
Yana bir deputatimiz Zuhra Shadiyeva Shirin shahar tibbiyot muassasasida soha xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilinayotgan qonunlar, ularning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati keng tushuntirildi. Deputat korrupsiyani jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi eng og‘ir illatlardan biri sifatida baholab, tibbiyot sohasi faoliyatida ham halollik va shaffoflikni ta’minlash zarurligini alohida ta’kidladi.
Fraksiyamiz a’zosi Irina Tokareva Yangihayot tumanidagi “Marhamat” mahallasida bo‘lib, saylovchilar bilan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, kambag‘allikni qisqartirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish va yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari haqida atroflicha suhbat olib borildi.
Deputatimiz doimiy ravishda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish mavjud muammolarni aniqlash, mahalla aholisi hayotini yaxshilashga qaratilgan amaliy yechimlar ishlab chiqishda asos bo‘lishini alohida ta’kidladi.