Xalqaro barqarorlikka qaratilgan tashabbuslar
Xalqaro barqarorlikka qaratilgan tashabbuslar

 

Shu kunlarda xalqaro hamjamiyatning diqqat e’tibori insoniyat tarixidagi eng yirik va keng qamrovli xalqaro tashkilot Birlashgan Millatlar Tashkilotining 80-sessiyasiga qaratilgan.

Ta’kidlash kerakki, xalqaro maydonda yuz berayotgan murosasiz siyosiy tarangliklar, o‘tkir iqtisodiy inqirozlar, kuchayib borayotgan texnologik va ijtimoiy tengsizliklar fonida xalqaro tashkilotlarning global miqyosdagi nufuzini oshirish dolzarb masala. Shunday murakkab global muhitda davlatlarning bir-biriga ishonchini mustahkamlash, xalqaro me’yorlarning ustuvorligini ta’minlashda BMTning mavqeini oshirish davr talabiga aylandi.

O‘zbekiston Prezidenti BMT minbaridagi nutqida shu jihatga alohida to‘xtalib o‘tdi. Davlat rahbari tashkilotni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuksak baholashini, “BMT – 80” tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va O‘zbekiston Kelajak uchun paktga qat’iy sodiqligini tasdiqladi.

Shuningdek, Prezident BMT sessiyasida O‘zbekistonning ustuvor maqsadlariga dunyo e’tiborini qaratdi. Jumladan, mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.

Bu O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarning ortga qaytmas ekanligini, asosiy maqsad fuqarolarimiz uchun farovon hayotni ta’minlashdan iboratligini xalqaro hamjamiyatga baralla aytishdir. Shuni ham qayd etish kerakki, yurtimizdagi islohotlarni xalqaro hamjamiyat, nufuzli tashkilotlar ham tan olib, e’tirof etmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda yurtimizda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizga qisqarganini ma’lum qildi.

Bundan bir necha yillar oldin kambag‘allik tan olinmagan, lekin eng og‘riqli masala edi. Lekin keyingi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli, tizimli islohotlar yurtimizda kambag‘allar soni keskin kamayishiga, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligi ko‘tarilishiga muhim zamin yaratdi.

Yana bir jihatga e’tibor qarataylik, bir odam kambag‘allikdan chiqishi, to‘kis hayotga qadam qo‘yishi uning ish bilan ta’minlanganligi, munosib mehnat sharoitining yaratilganligi, ijtimoiy himoyasi davlat tomonidan kafolatlanganligi kabi ko‘plab omillarga bog‘liq.

Nutqda keltirilganidek, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani, oliy ta’lim bilan qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetgani O‘zbekistonning bu yo‘nalishda real va muhim natijalarga erishayotganini ko‘rsatadi. Ta’lim sifati oshgan, fuqarolari kasb-hunarli bo‘lgan mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish, aholining farovonligini oshirish ishlari samara beradi.

O‘qituvchi va ustozning obro‘si va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaralmoqda. Pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklif etildi. Ushbu tashabbus O‘zbekistonni ilm va ma’rifatga intiluvchi mamlakat sifatida yana bir bor dunyoga namoyon etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Nutqda yana bir hayotiy masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ya’ni, O‘zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida olgan majburiyatlariga sodiq ekani bildirildi. Bu qanday maqsadlar ekani haqida barchamiz yana bir fikrlab, xulosa qilib olishimiz lozim.

Kambag‘allikning barcha shakllariga barham berish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga ko‘maklashish, sog‘lom turmush tarzini ta’minlash, barchani qamrab oluvchi, teng huquqli hamda sifatli ta’limni kafolatlash kabi yo‘nalishlar Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosini tashkil etadi.

Endi o‘ylab ko‘raylik, yurtimizda mana shu yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha strategik dastur va rejalar belgilanib, ularni ro‘yobga chiqarish uchun ulkan resurs va sa’y-harakatlar yo‘naltirilmoqda.

Xalq demokratik partiyasining eng muhim dasturiy maqsadlari ham odamlarga barqaror daromad manbai yaratish, barchaning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganib, jamiyat hayotida faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashdek ezgu maqsadlar bilan hamohangdir.

Davlat rahbarining AQSHga tarixiy tashrifi davomida juda keng qamrovli uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan kelishuvlarga ham erishildi. Bularning barchasi xalqimiz manfaatlariga, yurtimiz istiqboliga xizmat qiladi.

E’tiborlisi, ma’lumotlarga qaraganda AQSH bilan tovar ayirboshlash keyingi yillarda 4 barobarga oshgan. AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi O‘zbekistonga sarmoya kiritgan. Albatta, bu katta o‘sishdir. E’tiborlisi, bu ming-minglab yangi ish o‘rinlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kengayib borayotgani va bu jarayon izchil davom etishini anglatadi. Har bir ish o‘rni aholi turmush farovonligini ta’minlashga, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kengayishiga xizmat qiladi.

Tahlilchilar yaqin kelajakda O‘zbekiston — AQSH iqtisodiy-siyosiy munosabatlarida katta o‘sish kuzatilishini aytmoqda. Bunga davlat rahbarining Qo‘shma Shtatlarga safari davomida ko‘plab yo‘nalishlarda umumiy qiymati 100 milliard dollardan ziyod bo‘lgan shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilganini yaqqol misol qilish mumkin.

Xalqaro bozorlarda barqaror mavqega ega, jahon iqtisodiyotida mustahkam o‘rniga ega davlat bilan ham iqtisodiy, siyosiy jihatdan muntazam aloqalar o‘rnatish O‘zbekistonning jahon sahnasida o‘rni, ta’siri va ahamiyati oshib borayotganini anglatadi.

AQSH Prezidenti va ushbu mamlakat rasmiylari O‘zbekiston delegatsiyasiga alohida e’tibor va hurmat ko‘rsatganini ham ekspertlar qayd etishdi.

Mamlakatimiz taraqqiyot, tinchlik va do‘stlik uchun dunyodagi eng ishonchli hamkorlardan biri ekani Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan bugungi birodarlik muhiti misolida ham yaqqol aks etmoqda. Mintaqamizning murakkab munosabatlardan strategik hamkorlik, do‘stlik va hamjihatlik keng quloch yoygan makonga aylanishida O‘zbekiston yetakchisining, xalqimizga xos bag‘rikenglik diplomatiyasining ahamiyati albatta beqiyosdir.

Nutqda 2030-yilga borib O‘zbekiston “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni niyat qilgani bildirildi. Aytish mumkinki, shunday marraga yetish yo‘lidagi islohotlar xalqimiz tomonidan ham keng qo‘llab-quvvatlanyapti, har bir yurtdoshimiz o‘zgarish va yangilanishlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lishga intilmoqda.

Shu ma’noda Vatanimiz xalq va davlatning birdamligi, tinchlik va farovonlikka birgalikda intilishi bo‘yicha dunyoga o‘ziga xos namuna ko‘rsatmoqda.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish