O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoitlarini yaratishni o‘zining ustuvor maqsadlaridan biri, deb biladi. Shu maqsadda partiya har bir yo‘nalishda, hududlar kesimida muntazam o‘rganishlar, tahlillar olib boradi.
O‘tgan bir oy davomida partiyamiz mas’ullari va faollaridan iborat ishchi guruh respublikamizning 5 ta hududida ishlab chiqarilayotgan osh tuzining yodlanganlik darajasi va ishlab chiqarish standartlariga qanchalik amal qilinayotgani bo‘yicha o‘rganish olib bordi. Bugun Markaziy Kengash majlislar zalida olib borilgan o‘rganishlar tahlili bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, hududlardagi ayrim ishlab chiqaruvchilar yodlashtirish talablariga to‘liq amal qilmayotgani aniqlangan. Masalan, Surxondaryo viloyatidagi “Xo‘jaikon tuz” MCHJda osh tuzi tegirmonda maydalanib elanmasdan yodlash uskunasiga o‘tkazilayotgani, qolaversa, ishchilar uchun yetarlicha sharoit yaratilmagani aniqlangan.
Bundan tashqari, “Chorbog‘ Barakali Tuz” MCHJ qurilish ishlari bitkazilmagan, tom qismi ochiq, havo aylanish qurilmalari o‘rnatilmagan, chang ushlab qoluvchi uskunalar ulanmagan binolarda tuz ishlab chiqarayotgani ma’lum bo‘lgan.
Yig‘ilishda yod tanqisligi oqibatida insonda kuzatiladigan fiziologik o‘zgarishlar juda xavfli ekani, bu millat genofondiga ham ta’sir qilishi mumkinligi ta’kidlandi. Olib borilgan o‘rganishlar natijasida jamoatchilik eshituvini tashkil etishga qaror qilishdi.