Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan bir qator qonun loyihalari muhokamasi o‘rin olgan edi. Jumladan, deputatlar bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirishga qaratilgan loyihani ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokamadan o‘tkazishdi.
Qonunda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga, ularning oila muhitida tarbiyalanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish tizimini takomillashtirish maqsad qilingan.
Masalan, qonun bilan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka olish yoki tutingan ota-ona bo‘lish istagini bildirgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus o‘quv kursini tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi marta davlat fuqarolik xizmatiga kirayotgan yetim qolgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz, tayinlash orqali qabul qilinadi.
Bundan tashqari qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Yig‘ilishda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning davlat xaridlari sohasidagi huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan 1758-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi loyiha 1-o‘qishda muhokama qilindi.
Loyihada kompleks ekspertizadan o‘tkazishdan ozod etilmagan davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirish mansabdor shaxslarni bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarimaga tortishga sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Majlisda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Unda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurgani uchun javobgarlikka tortilgan shaxs xuddi shu huquqbuzarlikni bir yil davomida takroran sodir etsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha jarimaga tortilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ov qilish, kasbiy faoliyat, sport faoliyatida, xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda yoki o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida jamoat joylarida olib yurgani uchun javobgarlikka tortilgan shaxs shu huquqbuzarlikni bir yil davomida yana sodir etsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Fraksiya a’zolari kun tartibidagi har bir masalani atroflicha muhokamadan o‘tkazib, o‘zlarining fikr va mulohazalarini, takliflarini qonun ijodkorlariga ma’lum qilib, yakunda tegishli qarorlar qabul qilishdi.