
O‘qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida soha vakillari, fidoyilari bilan o‘tkazilgan samimiy muloqot, unda aytilgan yangiliklar, bildirilgan fikr-mulohazalar bilim va ma’rifat qanchalik muhim ekanining isboti bo‘ldi.
Yurtimizda ilm-ma’rifat va ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar har bir fuqaroga ilhom va ishonch bag‘ishlaydi. Keyingi yillarda oliy ta’lim qamrovi misli ko‘rilmagan darajada kengaydi, avval faoliyat ko‘rsatgan 77 ta oliygoh o‘quv yurtlarining soni hozirda 202 tani tashkil etmoqda. Talabalar soni esa 250 mingdan 1,5 million nafarga yetdi.
Mazkur ko‘rsatkichlar xalqimizda, ayniqsa, yoshlarimizda bilimga bo‘lgan ishtiyoq qay darajada kuchayganini yaqqol namoyon qildi. Talaba-yoshlarni bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish, sohada xalqaro tajribalarni joriy qilish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish natijasida jamiyat taraqqiyotida sezilarli qadamlar qo‘yilmoqda.
Bu jarayonda eng muhim omillardan biri – o‘qituvchilar bilan yaqin muloqotdir. Chunki, o‘qituvchi va talabaning samimiy munosabati, tajriba va bilim almashinuvi oliy ta’lim sifatini oshirishda beqiyos ahamiyatga ega. Bugungi davr – yangi industrial taraqqiyot davri, ya’ni “to‘rtinchi sanoat inqilobi” hisoblanadi.
Dunyoda innovatsiya va raqamli texnologiyalar bilan bir qatorda, qimmatbaho minerallar – volfram, molibden, rux va titanga bo‘lgan talab jadal o‘smoqda. Tahlillarga ko‘ra, ushbu zaxiralarning 10-15 foizi aynan bizning mintaqamizda mavjud ekani aytildi. Bu O‘zbekiston uchun katta imkoniyat, shu bilan birga, mas’uliyat hamdir.
Zero, bu ulkan boyliklarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun ilm, bilim va innovatsiya zarur. Shu maqsadda ilm-fan va biznes vakillarini yaqinlashtiradigan, ularning manfaatli hamkorligini ta’minlaydigan yangi tizim yaratilayotgani muhim qadamdir.
Ixtirochilarning tajriba-sinov ishlari xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratilishi esa amaliy qo‘llab-quvvatlashning yorqin namunasidir. Misol uchun, innovatsion g‘oyalar asosida ishlab chiqarilayotgan yangi texnologiyalar, energiya tejamkor tizimlar, raqamli iqtisodiyot uchun mos dasturiy ta’minot – bularning barchasi mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirib, yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Shu jihatdan muhandis-ixtirochilar faoliyati – kelajak taraqqiyotining asosiy tayanchi sifatida qaralishi lozim. Yaqinda ixtirochilar o‘rtasida o‘tkazilgan yirik tanlov natijalari ham yoshlarimizdagi salohiyat va iqtidorni ko‘rsatdi. Tanlov g‘oliblariga elektromobil taqdim etildi, ikkinchi o‘rin sohiblari xorijiy stajirovkaga yuboriladi, uchinchi o‘rin egalarining mehnati esa pul mukofotlari bilan qadrlandi. Bu e’tirof va rag‘batlar har bir yosh ixtirochini yangi izlanishlarga chorlaydi.
Eng muhimi, endilikda bunday tanlovlar oliy ta’limning har bir yo‘nalishida, talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida ham o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Bu esa mamlakatimizdagi ilmga qiziqqan har bir inson uchun yangi imkoniyat eshigini ochadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, muhandis-ixtirochilar – bugungi zamonning eng qimmatli intellektual boyligi sanaladi. Ular yaratgan yangiliklar va amaliy yechimlar nafaqat iqtisodiy rivojlanishga, balki mamlakatning kelajakdagi nufuziga ham xizmat qiladi. Bugungi raqobatchan dunyoda fan va texnika taraqqiyotida ortda qolmaslik, balki peshqadam bo‘lish uchun muhandislik sohasiga katta e’tibor qaratish zarur. Shu bilan birga, yurtimiz oliy ta’lim muassasalari dunyodagi eng nufuzli universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotgani, shu safda bo‘lishga intilayotgani alohida ahamiyatga ega.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti jahondagi TOP-500 ta bilim dargohidan biriga aylangani islohotlarning amaliy bir natijasi desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
O‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqotda fikr bildirgan shu universitet vakili, yosh olim yaratgan muhandislik texnologiyasi birlamchi va ikkilamchi iste’mol uchun toza suv yetkazib berishda yangi imkoniyatlar yaratganini faxrlanib gapirdi. Bu uskuna nafaqat yurtimiz, balki AQShning Yuta shtatida ham foydalanilayotgani bilim va ixtirolarni rag‘batlantirish qanchalik muhimligi, katta ijtimoiy-iqtisodiy qulayliklar yaratishini ko‘rsatib turibdi.
Ertangi kun taraqqiyoti bilimli, innovatsion fikrlay oladigan avlod qo‘lida. Bizda boy tabiiy resurslar, salohiyatli yoshlar va ularga keng imkoniyat yaratayotgan davlat siyosati mavjud. Galdagi eng asosiy vazifa – ana shu imkoniyatlarni to‘laqonli ishga solish, izlanishdan to‘xtamaslik va yangilik yaratishdan charchamaslikdir.
Ulug‘bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.