Qashqadaryo viloyat Kengashidagi deputatlik guruhimiz viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining hisobotini tingladi

 

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining Mahalliy budjet,tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi hamda viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda 2025-2026-o‘quv yiliga keng qamrovli tayyorgarlik masalalari haqida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i U.Oripovning axboroti tinglandi.

Bugungi kunda viloyatda 5 730 ta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritayotgani, shundan 4 419 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 240 ta maktab, 17 ta Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab va maktab internati, 39 ta xususiy maktab, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi ekani qayd etildi.

Mas’ulning aytishicha, 1755 ta maktabgacha va maktab ta’lim tashkilotlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda. Shundan 190 tasi tabiiy gazda, 1547 tasi ko‘mir yoqilg‘isida, 1 tasi suyultirilgan gaz hamda 9 tasi markazlashgan qozonxonalar yordamida isitiladi.

Ta’kidlash kerakki, Xalq demokratik partiyasi uchun maktabgacha va maktab ta’limni sifatli tashkil etilishi, ta’limda teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlanishi, kommunal xizmatlarning samarali yo‘lga qo‘yilishi dolzarb ahamiyatga ega. Shuning uchun xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashidagi partiyamiz guruhi kerakli o‘rganish ishlarini olib borib, masalani muhokamaga olib chiqdi.

Majlisda amalga oshirilayotgan ishlar haqida raqamlar asosida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shundan so‘ng xalq vakillari kun tartibidagi masala bo‘yicha fikr va takliflarini bildirishdi.

Jumladan, maktabgacha va maktab ta’lim tashkilotlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish, isitish bo‘yicha joriy etilgan davlat-xususiy sheriklik tizimining samarali ishlashini ta’minlash choralari ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Partiyamiz deputatlari nogironligi bo‘lgan bolalarga inklyuziv ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratishdi. Viloyatdagi 1905 nafar nogironligi bo‘lgan bolalarga sifatli ta’lim berish, ochilishi rejalashtirilgan 111 ta inklyuziv sinflarni rejaga muvofiq tayyorlash, bu borada oldinda turgan vazifalar haqida fikr almashildi.

Keltirilishicha, bugungi kunda har bir tuman (shahar)da bittadan inklyuziv sinfi bor maktablarni namunaviy “To‘siqsiz muhit” yaratilgan maktabga aylantirilmoqda. Buning uchun tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armasi hisobidan inklyuziv ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sinflarni sifatli jihozlar bilan ta’minlashga 1,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratish talab etiladi.

Yig‘ilishda muhokama va savol-javoblardan so‘ng belgilangan vazifalarni vaqtida bajarish, deputatlik nazoratini izchil olib borish bo‘yicha qo‘shma majlis qarori qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish