Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining bugungi yig‘ilishida joriy yilga mo‘ljallangan Davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosi haqida Vazirlar Mahkamasining hisoboti hamda qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Hisobotda keltirilishicha, yalpi ichki mahsulot hajmi 7,2 foizdan oshgan. Bunda sanoatda 6,6 foiz, xizmatlarda 8,2 foiz, qurilishda 10,7 foiz va qishloq xo‘jaligida 4 foiz o‘sish kuzatilgan. Yillik inflatsiya darajasi 8,7 foizni tashkil qilmoqda.
Davlat budjeti daromadlari 144,2 trln so‘mga yetib, 27,8 foizga ko‘paygan. Budjet xarajatlari 13,1 foizga ko‘payib, 173,3 trln so‘mni tashkil qilgan. Shundan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 86,2 trln so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,4 foizga ortgan.
Deputatlar hisobot doirasida partiyamiz elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan natijalarga alohida e’tibor qaratishdi. Xususan, “Yoshlar daftari” orqali 36797 nafar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 121,8 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 18895 nafar talabalarga ta’limni davom ettirishi uchun 50,3 mlrd so‘m kontrakt pullari to‘lab berilgan.
Adliya vaziri o‘rinbosari Sh.Rabiyev hisobotni o‘qib eshittirgach, savol-javoblar boshlandi. Fraksiyamiz a’zosi Dilbar Mamajonova hisobot davrida 161 ming nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlangani, bu bugungi kundagi 1 milliondan ortiq ishsiz yoshlarning 20 foiziga ham yetmasligini ta’kidlab, qolgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qanday ishlar olib borilayotgani haqida so‘radi.
Mas’ullar dasturda belgilangan vazifa bo‘yicha hududlar kesimida alohida-alohida ishlab chiqilgan rejalar asosida ishlar olib borilayotgani, yil yakunigacha 269 ming nafar yoshlarning bandligi ta’minlanishini aytishdi.
Deputatimiz Shokirjon Ahmedov hisobotda keltirilgan qiymati 2,5 mlrd dollarlik 30 ta loyihani ishga tushirish hisobiga 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgani, bunda bitta ish o‘rni yaratishga taxminan 850 ming AQSH dollari sarflangani, “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida esa 3698 ta loyihaga 449,6 mlrd so‘m uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratilishi natijasida 7 869 ta yangi ish o‘rni yaratilgani, bunda bitta ish o‘rni taxminan 57 million so‘mga ochilayotganini bayon qildi. Loyihalarda bitta ish o‘rniga to‘g‘ri kelayotgan mablag‘lar o‘rtasida tafovut nima uchun bu qadar kattaligi haqida savol berdi.
Mas’ullar savolga javob berish uchun vaqt so‘rashdi. Ular bu loyihalar bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plab, bitta ish o‘rni yaratishga qancha mablag‘ to‘g‘ri kelayotgani haqida batafsil axborot berishini aytishdi.
Fraksiyamiz a’zolari bandlikni ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish, hududlarni har tomonlama komleks rivojlantirish, ijtimoiy himoyani manzilli amalga oshirish borasidagi yutuq va natijalarni e’tirof etishdi.
Savol-javob, fikr-mulohazalar uzoq davom etdi. Davlat dasturi ijrosi haqidagi hisobot yangicha yondashuvda tayyorlangani, bu hammaga qulaylik yaratgani qayd etilishi bilan birga, ma’lumotlar to‘liq emasligi borasida kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Deputatlar bergan savollarining barchasiga ham qoniqarli javob olishmaganini bildirishdi. Mas’ullar har bir savolga javoban to‘liq va atroflicha, aniq faktlarga tayangan ma’lumotlar taqdim etishini aytishdi.
Deputatlar hukumat hisobotini qabul qilish haqidagi qarorni ma’qullashdi.