
Navoiy viloyat Xatirchi tumani “Qo‘rg‘oncha” mahallasidagi “Taxtako‘prik” va “Saydon” qishloqlaridan o‘tgan 4R-231 (D-210) yo‘lining 4-8 kilometrlari oralig‘idagi 2700 metr yo‘lga asfalt qoplamalari yotqizilmaganligi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari Baxtiyor Toshev hududga borib, o‘rganganida ma’lum bo‘lishicha 4R-231 (D-210) yo‘lining 4-8 kilometrlari oralig‘idagi 2700 metr yo‘l bundan ikki yil avval buzilgan lekin hamon ta’mirlanmagan.
Deputatimiz yo‘lni asfaltlashtirish qachonga rejalashtirilgani va bu bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish so‘rab Navoiy viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Pirnazarovga so‘rov yubordi.
So‘rovga “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga muvofiq 10 kun ichida javob yuborilishi lozim.
Biz so‘rovga kelgan javob xatini ham, albatta, e’tiboringizga havola qilamiz.