Partiya fraksiyasining bugungi yig‘ilishida 8 ta qonun loyihasi muhokamadan o‘tkazildi. Jumladan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni ishga joylashtirishda ish beruvchilarga ijtimoiy majburiyat yuklash, nazarda tutilmoqda. Bu qanday amalga oshiriladi?
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni maxsus talabnoma bilan mahalliy mehnat organiga yuboradi. Mazkur tashkilot tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiradi. Mavjud bo‘sh ish o‘rni ularning mutaxassisligiga to‘g‘ri kelmasa yoki boshqa sabablarga ko‘ra u yerda ishlay olmasa bunday holatda ularga munosib ish o‘rni topilmaguncha ishsizlik nafaqasi tayinlanadi.
Agar bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan holda asossiz ravishda rad etgan ish beruvchilarga nisbatan javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi. Lekin shu bilan birga ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan jihatlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning imkoniyat va salohiyatini oshirishga ko‘maklashadigan, ijtimoiy xizmatlar va yordamni rivojlantirish orqali jamiyatda ijtimoiy o‘zgarishlarga olib keladigan faoliyatga ijtimoiy ish deyiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Fraksiya a’zolari loyihani ijtimoiy himoyaga muhtojlar hayotini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidlashib, bir qator asosli e’tirozlarini ham bildirib o‘tishdi. Xususan, loyihada ijtimoiy xizmatlarning turlari aniq keltirilmagani va o‘sha xizmatlar uchun standart belgilanayotgani, qolaversa, havolaki me’yorlar ko‘pligi masalasida ham fikrlar bildirildi.
Shu bilan birga deputatlar qonunning takomilga yetishi uchun ijodkorlar bilan birga ishlashga tayyorligini bildirishdi.
Qonunning yordamga muhtoj aholi qatlami uchun dolzarbligini, u qancha erta kuchga kirsa ularning hayotiga shuncha tez yengillik olib kirishini inobatga olib loyihani ma’qullab ovoz berishdi.