Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning tayanchi va suyanchi
Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning tayanchi va suyanchi

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga e’tibor, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, qobiliyat va iste’dodlarini rivojlantirish kabi masalalar davlatimiz siyosatining doimiy kun tartibidan o‘rin oldi.

Davlat rahbarining kuni kecha Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasini tinglab, mamlakatimizda bu boradagi ishlar izchil davom etishiga amin bo‘ldim. Xususan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi. Bu nafaqat shu tadbirda ishtirok etgan yoshlar, balki barcha yurtdoshlarimizni ham behad quvontirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar aniq natijalar bermoqda. O‘tgan yili yurtimiz yoshlari “TOP-500”talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bugungi kunda 30 nafar yigit-qiz dunyodagi “TOP-10”, 500 nafari “TOP-100” va 1 ming 500 nafari “TOP-300”dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.

Yaqin yillargacha bunday natijalarni tasavvur qilish qiyin edi. Bu nimadan dalolat beradi? Avvalo, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar samarasi bu. Bundan foydalanib, katta marralarni ko‘zlab intilayotgan bilimli, salohiyatli yoshlarimizning natijasi va yutuqlarining yaqqol ifodasidir.

Prezident ta’kidlaganidek, yurtdoshlarimiz san’at, sport sohalarida ham katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Yaqinda futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu har birimiz uchun katta faxr va iftixordir.

Haqiqatdan ham, bugungi yoshlar kechagi yoshlar emas, ularning ongi, dunyoqarashi, orzu istaklari, talablari ham o‘zgargan. Ular bugun zamonaviy fikrlayapti, davr bilan hamnafas yashayapti. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yoshlar o‘qitilgan. O‘tgan yili 150 mingdan ziyod yigit-qiz xalqaro til sertifikatlari olgan, bu – 2023-yilga nisbatan 2 baravar ko‘p.

Ushbu natijalarning o‘zi ham O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga qiziqishi baland va u bilan shug‘ullanish niyatidagi minglab yigit-qizlar yetishib chiqayotganini bildiradi. Bu yoshlarimiz minglab startaplar ustida ishlayotgani, minglab, millionlab dasturchilar tayyorlanayotganini anglatadi. Eng muhimi, bunday imkoniyat va sharoitlar sohaga ilg‘or yoshlarni keng jalb qilish, ularni yuksak salohiyatli qilib tarbiyalash uchun zamonaviy makon vazifasini o‘tamoqda. Bu hammamiz uchun katta yutuqdir, ertamiz uchun qo‘yilgan mustahkam poydevordir.

Davlatimizning yoshlarga oid siyosatini xalqaro hamjamiyat ham keng e’tirof etmoqda. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi. Yoshlar taraqqiyot indeksida mamlakatimiz bu borada eng tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlat, deb topildi.

Uchrashuvda yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi. Endilikda, milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi tanlanib, Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi dunyoning nufuzli oliygohlariga tayyorlanadi. Shundan kamida 300 nafari ehtiyojmand oila farzandlari bo‘ladi. Albatta, bu o‘qimishli, teran fikrli yoshlar safini ko‘paytirish uchun eng maqbul imkoniyatdir. O‘ziga ishongan, dadil, jahon sahnasida o‘z ovozi va so‘ziga ega, xalqaro miqyosida ham yurt nufuzini yuksaltirishga qodir yoshlar qatlami shakllanishi uchun muhimdir.

Ta’kidlash joiz, Prezidentning 28-iyundagi farmon va qaroriga muvofiq, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida bir guruh ilg‘or yigit-qizlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. Yoshlar kunida Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida ana shu mukofotlarni topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Bu yoshlarga ishonch va e’tiborning yana bir namunasidir.

Ushbu mukofotlar yoshlarimizni katta yutuqlarga, zafarlarga chorlaydi, ruhiyatini, kayfiyatini ko‘taradi.

 

Muqaddas O‘RAZALIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish