
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Ushbu loyiha negizida, lo‘nda qilib aytganda, norasmiy vositachilar(maklerlar) ni “soyadan” chiqarish, yakka tartibdagi tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga “ko‘chmas mulk bo‘yicha agent” sifatida rieltorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat berish maqsadi turibdi. Bu esa bankdan tashqari aylanmani, shu orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, “Yagona darcha” tamoyili asosida rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida ko‘chmas mulk obyektlarining elektron savdosini hamda hisob-kitoblarni elektron shaklda amalga oshirish (kliring) imkonini beruvchi multilisting tizimini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Loyiha bilan rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari o‘rnini kengaytirish, ularga yangi vazifalar va vakolatlar berish ham taklif etilyapti. Rieltorlik subyektlarining to‘g‘ri hisobini yuritish, ular haqida jamoatchilikka ochiq axborot yetkazish va samarali monitoringni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yagona reyestri” axborot tizimini joriy qilish belgilanmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihati, rieltorlik subyektlari faoliyatida shaffoflikni ta’minlash hamda noqonuniy amaliyotlarning oldini olish uchun xalqaro tashkilotlar talablariga mos ravishda monitoring olib boriladi. Shuningdek, rieltor va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentga rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi doirasida o‘z nomidagi ko‘chmas mulk obyekti va unga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq bitimlarni tuzish taqiqlanmoqda.
Majlisda deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zaruratiga alohida e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha qator savollarni o‘rtaga tashladi. Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berdi.
Ushbu hujjatning qabul qilinishi rieltorlik faoliyati sohasida xizmatlar sifatini oshirishga, sohada shaffoflikni ta’minlab, yashirin amaliyotlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Shokirjon AHMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 2.7.2025, №26