Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi majlisida «Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi, «Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi va boshqa qonun loyihalari muhokama qilindi.
Fraksiya a’zolari qonun loyihalarining mazmun-mohiyati, ijtimoiy ahamiyati va amaliy natijalarini chuqur tahlil qildi.
Jumladan, «Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami uchun ijtimoiy ish tizimini joriy etishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, ijtimoiy ishchi vazifasi, uning majburiyatlari, jamiyatda tutgan o‘rni va aholining ehtiyojmand qatlamlari bilan ishlash usullari huquqiy jihatdan belgilab beriladi. Fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasi partiya elektorati bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga ko‘rsatilayotgan yordamlarning aniq va manzilli bo‘lishida prinsipial ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.
Qayd etilishicha, endilikda mamlakatimizda ijtimoiy xodimning huquqiy maqomi belgilanib, ularning faoliyati uchun munosib sharoit yaratish hamda qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Bu esa partiya elektorati muammolari aniqlanishi va samarali yechim topishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasining yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ijtimoiy xizmatlar birlamchi, ixtisoslashgan va yuqori ixtisoslashgan turlarga ajratilmoqda. Ya’ni, ijtimoiy xizmatlar fuqaroning uyida, mahallasida, ijtimoiy obyektlarda hamda onlayn shaklda ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda. Deputatlar ijtimoiy faoliyatning xalqimizga yaqin bo‘lishi muhimligini qayd etdi. Ayniqsa, nogironligi bor shaxslarga qulay va professional xizmat ko‘rsatilishiga e’tibor qaratildi.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasi bo‘yicha ayrim aniqlashtiruvchi savollar va taklif-mulohazalarini bildirishdi. Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita bilan izchil hamkorlik qilinishi aytildi. Yuqoridagi asoslarga ko‘ra, loyiha konseptual ravishda qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda «Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokamadan o‘tdi.
Bo‘lib o‘tgan savol-javoblarda amaldagi mavjud jazo choralarining nega oshirilayotgani, loyihaning tushuntirish xatida bunga yetarlicha asos keltirilmagani muhokama qilindi. Qonun ijodkorlari ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik jarayonida bugungi ko‘tarilgan masalalar yuzasidan hamkorlikda ish olib borishini aytganidan so‘ng loyiha qo‘llab-quvvatlandi.