
Tibbiyot rivojlansa, odamlarning hayotdan roziligi ortadi. Jonimiz og‘risa, kasal bo‘lsak, yaqinlarimiz og‘rib qolsa shifokorga chopamiz. Bir joydan shifo topsakku, xo‘p-xo‘p, agar shifoxonama shifoxona sarson bo‘lsak, mutaxassisga uchrashish uchun kunlab oylab navbat kutsak, undan yomoni yo‘q. Bugun sohaga qaratilayotgan e’tibor ana shunday muammolarning oldini oladi, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish bilan birga, xizmat sifati yaxshilanishiga sabab bo‘ladi. Ilgari ayniqsa, tibbiyot xodimlarning moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi borasida bu darajadagi ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmagan edi.
Prezidentimizning tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini oshirish, dori iste’molini tartibga solish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishi bunga to‘la asos bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari sohadagi bir qator vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. Xususan, sohaning birlamchi bo‘g‘inini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish, tibbiyot xodimlarining bilimini va davolash sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Aholi qamrovi, kasalliklar tahlili va murojaatlar turidan kelib chiqib, yangicha ish tartibi belgilandi. Har bir insonning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash maqsadida sog‘liqni saqlash sohasi tubdan takomillashtirilmoqda.
Avvalo, birlamchi bo‘g‘in isloh qilinadi, tizimda katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Masalan, endilikda tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham jalb etiladi. Bular bejiz emas, albatta. Odatda, odamlar milliy tibbiyotning darajasiga birlamchi bo‘g‘inga qarab baho beradi. Chunki bu bo‘g‘in bevosita odamlar ichida ishlaydi, ularning kayfiyatiga yo yaxshi, yo yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlandi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq budjetdan qoplanadi. Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar ko‘payadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi.
Bundan buyon birlamchi bo‘g‘inda yarim yoki 0,25 stavka bo‘lmaydi. Barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi. Umuman, tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati maqbullashtirilib, 12 mingdan ko‘p odamga xizmat qiladigan 7 ta yirik poliklinika, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil qilinadi.
Tumandagi markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.
Ushbu vazifalarning zamirida juda keng va chuqur ma’no bor, albatta. Albatta, yurtimiz tibbiyotidagi bunday ijobiy o‘zgarish va yangilanishlar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish va kadrlar masalasi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etadi. Oddiy tilda aytganda, endilikda birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan kuchli tizimga aylanmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbari «Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar» dasturi boshlanishini e’lon qildi. Dasturda hokimlar tibbiyot muassasalarida «ona-bola» xonalarini tashkil qilish, nogironligi borlar erkin harakatlanishi uchun inklyuziv muhit yaratish, qo‘l yuvishga issiq suvi bor pokiza hojatxonalar tashkil etish uchun mas’ul bo‘ladi.
«Oddiy qilib aytganda, tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashadi», — dedi Prezident. Bunga har bir viloyat hokimi 10 milliard so‘mdan ajratadi.
Mutasaddilarga bu ishlarni butun respublikada tizimli tashkil qilish, to‘qson kun natijasi bo‘yicha prezidentga batafsil hisobot berish topshirildi. Demak, har jihatdan sog‘lom jamiyatni tashkil etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki sog‘likning asosi bu avvalo, madaniyatdir.
Shuningdek, nogironlikni belgilash tizimi takomillashtirilmoqda. Masalan, nogironlikni belgilashda VKK — vrachlik-maslahat komissiyalari degan korrupsion tizimdan to‘liq voz kechilishi belgilandi. Endilikda nogironlik oilaviy shifokor rasmiylashtirgan hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan belgilanadi. Shu bilan birga, kasalliklarni barvaqt aniqlash va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha ham yangi mahallabay tizim bo‘ladi.
Ko‘rinib turganidek, endilikda nogironlikni belgilashning samarali mexanizmlari hamda tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tizimi takomillashtirilmoqda.Nogironlikni belgilash jarayonida korrupsiyani kamaytirish va shaffoflikni oshirishga e’tibor qaratilyapti. Bu orqali davlat budjeti mablag‘i to‘g‘ri yo‘naltiriladi, ya’ni nogironligi bor fuqaro nogironlik nafaqasini oladi.
Umuman olganda, bugun tibbiyot tizimi katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Eng muhimi, bularning zamirida xalqimiz roziligiga erishish maqsadi mujassam. Shu tariqa tizimdagi muammolarga yechim topiladi, mamlakat tibbiyotini yangi sifat bosqichiga olib chiqish borasidagi ishlar yanada jadallashadi.Biz ham ushbu vazifalarning samarali bajarilishi ustidan doimiy ravishda parlament nazoratini olib borishimiz, sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishimiz kerak. Chunki eng katta boylik xalqimiz salomatligidir.
Muqaddas O‘RAZALIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.