
Qonun loyihasiga sharh
Parlamentda muxolifatni jonlantirish siyosiy plyuralizmni mustahkamlash hamda siyosiy sog‘lom raqobatni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bilan parlamentdagi muxolifat va unga kiruvchi fraksiyalar huquqlarini aniq belgilash, ularga qonunchilik jarayonida faol ishtirok etish imkonini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati haqida Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov batafsil so‘zlab berdi:
— Davlatimiz rahbari 2024-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini, buning uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, har chorakda hukumat soati va parlament so‘rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berishni taklif qilgan edi. Shundan kelib chiqib, parlament quyi palatasining Harakatlar dasturi tasdiqlandi va unda ayni masala bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish ham belgilangan edi.
Bir guruh deputatlar tashabbbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan 5 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, muxolifat fraksiyaga bitta qo‘mita raisi va ikkita qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimini kafolatli egallash masalasi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, muxolifatga qonun tashabbusi huquqini ta’minlash, hukumat hisobotlarini so‘rash va muhokama qilish, parlament qo‘mitalarida keng ishtirok etish kabi huquqlar kafolatlanmoqda.
Bundan tashqari, parlament nazorati shakli bo‘lgan “Hukumat soati” va parlament so‘rovi borasida ham muxolifat fraksiyaga har chorakda kamida bitta masalani parlament so‘rovi ko‘rinishida yuborish va kamida bitta masalani “Hukumat soati”ga kiritish huquqi ko‘zda tutilmoqda.
Parlamentda muxolifatning huquqlari kengaytirilishi quyi palatada fikrlar xilma-xilligi va sog‘lom siyosiy raqobat muhitiga xizmat qiladi. Natija esa xalqchil qonunlar qabul qilish hamda turli masalalarni parlamentga olib chiqishga asos bo‘ladi. Shuningdek, xalq vakillari o‘rtasidagi institutsional muvozanatni ta’minlash, davlat boshqaruvida mas’uliyat va shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
Doniyor Yakubov,
Anvar Ahmedov (video),