O‘zXDP fraksiyasi qarshi chiqqani uchun qonun loyihasi qabul qilinmadi
O‘zXDP fraksiyasi qarshi chiqqani uchun qonun loyihasi qabul qilinmadi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimiz hayotiga daxldor bo‘lgan bir qator muhim qonun loyihalari muhokama qilindi.

 

Bolalar huquqlari kafolatlari mustahkamlanmoqda

«Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlik, pornografik mahsulotlarni saqlaganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksga voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning bir kun mobaynidagi umumiy davomiyligini va ularni so‘roq qilish jarayonida qonuniy vakillarning ishtirok etishi tartibini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bolalar huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilinishi uchun xizmat qiladi.

Yig‘ilishda deputatlar qonun loyihasiga kiritilayotgan ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi. Mutasaddilar ko‘tarilgan masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.

Munozaralarda bir qator savollar, takliflar o‘rtaga tashlanib, muhokama qilindi. Deputatlarning taklifiga ko‘ra, ayrim normalarni takomillashtirish zarur. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi mas’ul qo‘mita tomonidan maromiga yetkaziladigan bo‘ldi.

 

Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish

Yalpi majlis muhokamasiga qo‘yilgan navbatdagi hujjat — litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi. Unga ko‘ra, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartiblari yanada soddalashtirilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan amaldagi 3 ta kodeks, 5 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Unda tadbirkorlik subyektlarining 12 turdagi litsenziya, ruxsat berish va xabarnoma olish talabi bekor bo‘lishi, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish bo‘yicha arizalarni Davlat xizmatlari markazlari orqali ham taqdim etish imkoniyatini yaratish belgilanmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini yanada soddalashtirishga, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bozorda teng sharoitlar va raqobat muhitini ta’minlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

 

O‘zXDP fraksiyasi qat’iy qarshi chiqdi

Kun tartibidagi navbatdagi masala mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan qonun loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi. O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan — «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Mehnat kodeksiga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Unga muvofiq, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilishda arizani chaqirib olish jarayonida ish beruvchining ishtirokini ta’minlash orqali tomonlarning mas’uliyatini oshirish, mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki mahalliy mehnat organi bilan kelishish jarayonlarini soddalashtirish orqali xabardor qilish tartibiga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, xodimning uzoq muddat mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi natijasida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarida o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ogohlantirish muddati va kompensatsiya to‘lovlarini bekor qilish belgilanmoqda.

Ma’ruzachi loyihani o‘qib eshittirganidan so‘ng, navbat muhokamalarga keldi. Quyi palata vakillari o‘zlarining takliflarini bildirishi bilan birgalikda e’tirozlarini ham aytib o‘tishdi. Savol-javoblar qizg‘in tus oldi.

Muhokamada quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari ham o‘z pozitsiyalarini bildirishdi. Jumladan, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov shunday savol bilan murojaat qildi:

– Ushbu qonun loyihasi fraksiyamiz yig‘ilishida ham qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. E’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan jihat, mazkur qonun loyihasi bilan Mehnat kodeksining 164-moddasiga taklif etilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, endilikda tadbirkorlar tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligini olish emas, balki uni xabardor qilish tartibi kiritilmoqda.

Mazkur o‘zgartirish xodimlarning huquq va manfaatlariga zid hisoblanmaydimi? Bizningcha, bu ertaga tadbirkorlar tomonidan xohlagan xodimini ishdan bo‘shatishga olib kelishidan jiddiy xavotirimiz bor.

Oddiy ishchilar, mehnatkashlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining elektorati hisoblanadi. Shuning uchun ushbu qonun loyihasi elektoratimiz manfaatlariga zid hisoblanadi.

Xodimlarni har tomonlama kuchli ijtimoiy himoya qilish masalasi bizning partiyamiz oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi, aksincha, fuqarolarimizni har tomonlama kuchli ijtimoiy himoya qilish masalasini ko‘tarishimiz kerak, deb hisoblaymiz.

Shu nuqtai nazardan fraksiyamiz bu qonun loyihasiga qarshi va boshqa deputatalarni ham qarshi ovoz berishga chaqiramiz.

Shundan so‘ng Shokirjon Ahmedov agar kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimning arizasi bilan bog‘liq masalani biron sabab bilan e’tiborsiz qoldirsa, xodim ishsiz qolib ketadimi, degan savolni berdi. O‘zLiDeP vakili bu savolga asoslantirilgan javob bera olmadi.

Qonun loyihasi bo‘yicha O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov partiya pozitsiyasini bildirdi. Konsepsiya taqdim etilayotgan loyiha matniga muvofiq kelmasligi, unda bir tomonlama xususiy sektordagi ish beruvchilar manfaati ko‘zlanganini qayd etdi.

Agar ushbu qonun loyihasi qabul qilinsa, tadbirkorlarga ishchilarni ishdan bo‘shatishiga qonuniy yengilliklar berilishiga olib kelishi, amaliyotda, o‘z huquqini talab qilayotgan ishchilarni ishdan bo‘shatish bilan jazolashga imkon paydo bo‘lishi mumkinligi tushuntirildi.

Bundan tashqari, ushbu qonun loyihasi qabul qilinsa, norasmiy bandlikni kamaytirish emas, balki ishchilarning qo‘nimsizligi va ishsizlarning soni ortishiga olib keladi, dedi fraksiya rahbari.

Shu va boshqa asoslarga ko‘ra, qonun loyihasini tashabbuskorlarga qaytarish taklifi ilgari surildi.

Belgilanayotgan normalar qizg‘in bahs-munozaralar, savol-javoblar va tortishuvlarga boy bo‘ldi. Majlisda qonun loyihasi yetarlicha ovoz ololmadi. 71 nafar deputat qarshi ovoz berdi va tashabbuskorlarga qaytarildi.

 

Plastik kartalardan to‘lovlarni amalga oshirishda nazorat kuchayadi

Yalpi majlis kun tartibiga ko‘ra, deputatlar to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ham birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqishdi.

So‘nggi paytlarda bank kartalaridan foydalangan holda o‘g‘rilik va firibgarlik holatlarining ko‘payishi kuzatilmoqda. Tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarida ana shunday huquqbuzarliklarning oldini olishning zamonaviy usullari, xususan, antifrod, biometrik identifikatsiya va boshqa himoya mexanizmlarini tashkil etish zarurati tug‘ilmoqda. Yalpi majlisda ayni shu masalaning yechimiga qaratilgan qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, antifrod, biometrik identifikatsiya tizimlaridan foydalanish majburiyati joriy etiladi. Markaziy bank tomonidan ruxsat etilmagan to‘lovlar aniqlanganda bank kartalari va mobil ilova akkauntlaridan foydalanishni uch kungacha cheklash to‘g‘risida to‘lov xizmatlari ko‘rsatuvchilarga ko‘rsatma yuborilishiga doir vakolat berilishi mumkin.

Bundan tashqari, to‘lov xizmatlari bozorini tartibga solish maqsadida banklar, to‘lov tashkilotlari va ularning to‘lov agentlari va subagentlariga ruxsat etiladigan to‘lov xizmatlari turlari alohida belgilanmoqda.

Umuman olganda, bank plastik kartalaridan to‘lovlarni amalga oshirishda nazoratni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Intellektual mulk muhofazasi

Yalpi majlis kun tartibiga ko‘ra, deputatlar intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu qonun loyihasi bilan sanoat mulki obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarida talab qilinadigan davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishni bekor qilish belgilanmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni va ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish uchun amalga oshiriladigan tekshiruv muddati aniq belgilanmagan. Qonun loyihasida esa tekshirish muddatini 10 kun etib belgilash nazarda tutilyapti.

Vaholanki, amaliyotda qayd etilgan muddatda davlat bojini uzrli yoki boshqa obyektiv sabablarga ko‘ra to‘lay olmagan va buning natijasida muhofaza hujjatini (patent, guvohnoma) olish huquqidan mahrum bo‘lgan talabnoma beruvchilar mavjud. Masalan, 2023-2024 yillar davomida 100 dan ortiq talabnoma beruvchi xuddi shunday asosga ko‘ra, muhofaza hujjatlarini ololmagan.

Bunga sabab amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qayd etilgan holatda talabnoma beruvchiga uning talabnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etiladi. Bu esa talabnoma beruvchi vakolati davlat tashkilotiga tegishli hujjatlarni boshqatdan topshirishi, ekspertizadan o‘tkazilishini kutishi va davlat bojining barcha qismini qayta to‘lashi talab qilinadi.

Bu esa intellektual mulk obyektlari, ayniqsa, ixtirolar, sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari bo‘yicha talabnoma topshirgan shaxslar uchun ancha salbiy oqibatlarga olib keladi. Qonun loyihasi bilan ana shunday byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishi mumkin.

Shuningdek, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi muhofaza hujjatlarini yagona QR-kod qo‘yilgan holda elektron shaklda avtomatik tarzda berish taklif etilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Favqulodda vaziyatlarda davlatlararo hamjihatlik va hamkorlik

Majlisda, shuningdek, «Turkiy davlatlar tashkilotining Fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni (Bishkek, 2024 yil 6 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur Bitim o‘tgan yilning 6 noyabr kuni Bishkek shahrida «Turkiy dunyoni kengaytirish: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barcha uchun xavfsizlik» shiori ostida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida ishlab chiqilgan.

Unda quyidagi masalalar nazarda tutilmoqda:

– tashkilotga a’zo davlatlarning favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

– tabiiy ofatlar vaqtida tezkor qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish;

– ushbu sohadagi monitoring, tahlillar natijalarini hamda o‘zaro tajriba almashinuvini tizimlashtirish;

– o‘zaro yordam va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish kabi masalalarning huquqiy asoslari va mexanizmlari belgilangan.

 

Ushbu Bitim mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik choralarini yanada samarali tashkil qilinishi, tabiiy ofatlar oqibatida yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda davlatlararo hamjihatlik va hamkorlikni ta’minlaydi.

Yalpi majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Ko‘rinib turibdiki, yalpi majlis muhokamasiga qo‘yilgan barcha qonun loyihalari dolzarbligi jihatidan huquqiy davlatchilik asoslari va jamiyat farovonligi uchun juda ham muhim.

Yalpi majlis ishini kuzata turib, qonun qabul qilish jarayoni nechog‘lik katta mas’uliyat talab qilishiga amin bo‘lasiz. Jarayonlarda har doim faol bo‘ladigan jonkuyar deputatlar ma’qullab turgan loyihalar haqiqatda yaxshi ishlab chiqilgan ekanda, deb turganingizda, avval hech ko‘zga tashlanmaydigan yana bir xalq vakili so‘z olib, qolganlar e’tibor bermayotgan jihatlarga diqqatingizni tortadi. O‘ylab qarasangiz, uning fikrida ham jon borligiga iqror bo‘lasiz. Ochiq muhokamalarda hech bir jihat nazardan chetda qolmaydi.

Shunda kuchli jamiyat uchun kuchli parlament qanchalik zarur ekaniga yana bir amin bo‘lasan, kishi.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 30.4.2025, №17

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish