Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Muqaddas O‘razaliyeva Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Quduqcha” qishlog‘i, “Shirin” QFY hududidagi 7-maktabda “Tashabbusli budjet” tizimi orqali qo‘llab-quvvatlangan yopiq sport inshootini barpo etish loyihasi yuzasidan aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati, belgilangan vazifalar ijrosi va mavjud muammolar o‘rganildi. Muloqot davomida qurilish ishlarini xavfsizlik hamda loyiha-smeta hujjatlari talablariga muvofiq, sifatli olib borish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan maktabga qatnovchi o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida piyodalar yo‘lakchasini barpo etish masalasi ko‘tarildi. Maktabda o‘quvchilar soni ortib borayotgani ta’kidlanib, kelgusida ta’lim olish uchun zarur sharoitlarni kengaytirish maqsadida qo‘shimcha bino qurish taklifi ham bildirildi.
Deputatimiz tomonidan barcha murojaatlar tinglanib, ko‘tarilgan dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Bildirilgan taklif va murojaatlarni tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish yuzasidan zarur choralar belgilandi.