Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Fraksiya yig‘ilishida migratsiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida, shuningdek, fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi.
Dastlab, xorijiy tillardan o‘zlashgan ba’zi tushunchalar va yuridik atamalarni davlat tilidagi muqobili bilan almashtirish orqali ularni yagona shaklga keltirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Xususan, amaldagi qonunlarda aks etgan “avans”, “markirovka”, “marshrut”, “svetofor”, “parol”, “progressiv” so‘zlarini o‘zbek tilidagi muqobili sifatida “bo‘nak” “tamg‘alash” “yo‘nalish” “yo‘lchiroq”, “o‘ron” va “ilg‘or” so‘zlariga almashtirilayotgani haqida axborot berilib, ushbu qonun loyihasi qonun hujjatlaridagi ba’zi tushunchalar va yuridik atamalarning qo‘llanilishi borasida yuzaga kelgan noaniqliklarni bartaraf etishga, ularning yagona shaklda qo‘llanilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual ko‘rib chiqildi.
Qonun ijodkorlarining fikriga ko‘ra, bugungi kunda fuqarolar yashab turgan joyida ro‘yxatdan o‘tishda ortiqcha ma’muriy to‘siqlarga duch kelmoqda.
Loyihaning qabul qilinishi fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida davlat xizmatlarini yanada yengillashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish hamda huquqni qo‘llash amaliyotining yagonaligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Eng muhimi, mazkur qonun bilan aholi uchun qo‘shimcha cheklovlar emas, aksincha, amalda mavjud bo‘lgan ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi.
Shuningdek, kun tartibiga muvofiq, “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan keng muhokama qilindi.
Tashabbuskorlar amaldagi qonunning 25 yil avval ishlab chiqilgani, uni bugungi hayotiy vaziyatlarga daxldor holatlar uchun yanada takomillashtirish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar qonuniy muomalasining nazoratini kuchaytirish, yoshlar orasida ularning iste’moli ommalashib borayotganiga qarshi keskin kurash olib borish, sohaga raqamli boshqaruv tizimini keng joriy etish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari va prekursorlarning muomalasi ustidan davlat nazoratini to‘liq o‘rnatish – mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati sifatida tushuntirdi.
Quyidagi birgina statistika ham qonun loyihasining dolzarbligini yaxshiroq anglashimizga yordam beradi. Jumladan, BMTning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyoda 300 mln.ga yaqin shaxs giyohvandlikka chalingan bo‘lib, shundan aksariyat qismi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, dunyoda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi psixofaol moddalar iste’molchilari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Deputatlar qonun loyihasining dolzarbligini ta’kidlashdi. Shu bilan birga ayrim takliflarni bildirib, fikr-mulohazalar aytishdi.
Jumladan, fraksiyamiz a’zosi Z.Zohidov giyohvand modda iste’mol qilgan shaxslar elektron axborot bazasida ro‘yxatda turuvchi fuqarolarga kelgusida ularga haydovchilik guvohnomasi berish tartibini qayta ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.
Deputat S.Imomova chetdan olib kirilayotgan narkotiklar, alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlarga qonunchilikda qanday qat’iy me’yor va cheklovlar belgilangani to‘g‘risida savol bilan yuzlandi. Deputat A.Temirov esa narkojinoyatlarga qarshi kurashishni targ‘ib qilgan fuqarolarni rag‘batlantirish mexanizmi yangi qonun loyihasida qanday aks ettirilayotgani bilan qiziqdi.
Shu o‘rinda fraksiyamizning yana bir a’zosi Q.Qosimova tibbiyotda ham juda ko‘plab dori-darmon vositalari tarkibida ushbu moddalar bo‘lishini, mazkur qonun loyihasi ularning tibbiy maqsadlarda foydalanishini cheklamasligi lozimligini ta’kidladi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, fraksiya a’zolari tomonidan qonun loyihasi konseptual jihatdan ma’qullanib, ikkinchi o‘qishga tayyorlashda ayrim normalarni yanada takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida esa kun tartibidagi masalalar bo‘yicha fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.