“Imkoniyat cheklanmagan” ijtimoiy aksiyasi o‘tkazildi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Toshkent shahrida 63 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi. Ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tomonidan “Imkoniyat cheklanmagan” nomli ijtimoiy aksiya tashkil etildi.

Mazkur tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijodiy salohiyati va iste’dodini qo‘llab-quvvatlash, ularning tasviriy, amaliy san’at hamda hunarmandchilik yo‘nalishidagi ijodini keng jamoatchilikka namoyish etish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir doirasida nogironligi bo‘lgan fuqarolar tomonidan yaratilgan qo‘l mehnati mahsulotlari, amaliy san’at namunalari, tasviriy san’at asarlari hamda hunarmandchilik ishlari ko‘rgazmasi, kim oshdi savdosi ham o`tkazildi.

Ishtirokchilar o‘zlarining ijodiy ishlari orqali nafaqat mahorat va iste’dodlarini namoyon etdilar, balki jamiyat hayotida faol ishtirok etishga bo‘lgan intilishlarini ham ko‘rsatdilar.

“Imkoniyat cheklanmagan” kabi tashabbuslar har bir insonning iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Partiya bundan buyon ham inklyuziv jamiyatni barpo etish, teng imkoniyatlar yaratish va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni kengaytirish yo‘lida izchil faoliyat olib boradi.

← Roʻyxatga qaytish