HUDUDLAR RIVOJI VA MAHALLA TIZIMIDA YANGI BOSQICH


Davlatimiz
rahbari raisligida o‘tkazilgan hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishi mamlakat iqtisodiyotini yanada jadal rivojlantirish, hududlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan muhim vazifalarni belgilab berdi. Bu holat bir haqiqatni ko‘rsatadi: iqtisodiy o‘sish faqat raqamlar emas, balki odamlarning daromadi, yangi ish o‘rinlari, qurilayotgan uy-joylar, ta’mirlanayotgan yo‘llar, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti kabi hayotiy masalalar bilan chambarchas bog‘liq. Prezident tomonidan hudud rahbarlaridan aynan natija talab qilinishi ham shundan dalolat beradiki, har bir iqtisodiy ko‘rsatkichning markazida inson manfaati turishi lozim. Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy xususiyatlaridan biri qarorlar markazda qabul qilinishi bilan cheklanmasdan, ularning ijrosi mahalliy darajada ta’minlanishiga katta e’tibor qaratilayotganidir. Yig‘ilishda dastlab joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari tanqidiy tahlil qilindi. Ayrim viloyat, tuman va shaharlarda yalpi hududiy mahsulot hajmini oshirish, qurilish ishlarini jadallashtirish hamda investitsiyalarni jalb qilish borasida mavjud imkoniyatlar to‘liq safarbar etilmagani qayd etildi. Bu esa har bir rahbardan mas’uliyatni yanada kuchaytirish, mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solish va aniq natijaga erishishni talab qiladi. Har bir viloyat, tuman va shaharning iqtisodiy salohiyati turlicha. Ayrim hududlarda sanoatni rivojlantirish imkoniyati yuqori bo‘lsa, boshqalarida qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmat ko‘rsatish yoki logistika sohalari yetakchilik qiladi. Shuning uchun ham har bir rahbar o‘z hududining imkoniyatlarini chuqur o‘rganishi, mavjud zaxiralarni ishga solishi va har bir loyihani natijaga xizmat qildirishi shartligi ta’kidlandi. Yig‘ilishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘ldi. Shu maqsadda mamlakatimizda «Dolzarb 40 kunlik» dasturi e’lon qilinib, 2 mingta eng og‘ir mahallada mutlaqo yangi ishlash tizimi joriy etiladi. Ushbu mahallalarda hokim, mahalla raisi va bandlik bo‘limi rahbarlari o‘rtasidagi uch tomonlama shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi. Endi har bir mas’ul o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar bo‘yicha shaxsiy javobgarlik asosida ish yuritadi. Ayniqsa, og‘ir mahallalarda aholini qiynab kelayotgan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, ichki yo‘llar kabi hayotiy muhim masalalarni o‘z vaqtida hal etish bevosita hokimlarning shaxsiy mas’uliyati etib belgilandi. Bu esa aholi murojaatlariga tezkorlik bilan yondashish va hududlarda hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.Yig‘ilishda davlat budjeti daromadlarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan soliq tushumlari masalasi ham atroflicha tahlil qilindi. Qayd etilganidek, mamlakatda iqtisodiy faollik ortib borayotganiga qaramay, ayrim hududlarda mavjud soliq salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonuniy asosda kengaytirish hamda yangi daromad manbalarini ishga solish bo‘yicha hali katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Yig‘ilishda keltirilgan raqamlar bu sohada ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini ham ko‘rsatdi. Joriy yil boshidan buyon mamlakat bo‘yicha soliq tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga o‘sib, 130 trillion so‘mdan oshdi. Bu iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmatlar hajmi kengayib borayotgani, tadbirkorlik subyektlari soni ortib, soliq intizomi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari bu natijalar bilan cheklanib qolmaslik kerakligini alohida ta’kidladi. Ayrim hududlarda soliq bazasini kengaytirish, bo‘sh turgan ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, norasmiy iqtisodiyotni qisqartirish, yer va mulk resurslaridan samarali foydalanish hamda raqamli soliq ma’muriyatchiligi imkoniyatlarini keng joriy etish orqali budjet tushumlarini yanada ko‘paytirish imkoni mavjud. Soliq tushumlarining barqaror o‘sishi davlat budjeti imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, yangi infratuzilma obyektlarini qurish, aholini ijtimoiy himoya qilish hamda hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirish uchun mustahkam iqtisodiy asos yaratadi. Shu bois yig‘ilishda har bir hudud rahbari va mas’ul idoralarga soliq salohiyatini to‘liq ishga solish, qonuniy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va davlat budjeti daromadlarini izchil oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Strategik korxonalarning xarajatlari ham alohida tahlil qilinib, ularda moliyaviy intizomni yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish xarajatlarini maqbullashtirish va resurslardan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari strategik ahamiyatga ega korxonalar nafaqat mamlakat iqtisodiyotining tayanchi, balki sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini ta’minlovchi muhim bo‘g‘in ekanini ta’kidladi. Yig‘ilishda ayrim korxonalarda tannarxning yuqoriligi, energiya va xomashyo resurslaridan samarasiz foydalanish, ortiqcha boshqaruv hamda ma’muriy xarajatlar saqlanib qolayotgani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan har bir strategik korxona kesimida xarajatlar tarkibini chuqur tahlil qilish, tejamkor texnologiyalarni joriy etish, energiyasamaradorligini oshirish va raqamli boshqaruv tizimlaridan keng foydalanish vazifalari belgilandi. Qayd etilganidek, xarajatlarni qisqartirish mahsulot sifati yoki ishlab chiqarish hajmini kamaytirish hisobiga emas, balki zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish, mehnat unumdorligini oshirish va ichki zaxiralarni to‘liq safarbar etish orqali amalga oshirilishi lozim. Bu esa strategik korxonalarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, raqobatbardoshligini oshirish hamda mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi. Yig‘ilishda energetika sohasini yanada rivojlantirish va uning infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalari ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Qayd etilganidek, mamlakat iqtisodiyotining jadal o‘sishi, sanoat korxonalari sonining ko‘payishi, xizmatlar sohasi kengayishi va aholi ehtiyojining ortishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab yil sayin oshib bormoqda. Bu esa energetika tizimini zamon talablari asosida yangilashni taqozo etmoqda. Prezident ta’kidlaganidek, kelgusi o‘n yilda energetika infratuzilmasini rivojlantirish uchun taxminan 8 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya talab etiladi. Ushbu mablag‘lar yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini kengaytirish, yangi podstansiyalar qurish, eski elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda energiya ta’minotining ishonchliligi va barqarorligini ta’minlashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmog‘iga integratsiya qilish, xususiy investitsiyalarni keng jalb etish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Energetika infratuzilmasiga yo‘naltiriladigan mazkur yirik investitsiyalar nafaqat iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz elektr ta’minotini kafolatlaydi, balki yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, eksport salohiyatini oshirish va mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy barqaror rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratadi. Xulosa qilib aytganda, mazkur yig‘ilishda belgilangan vazifalar iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirish, mahallalardagi muammolarni tizimli hal etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va davlat boshqaruvida natijadorlikni oshirishga xizmat qiladi. Belgilangan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi har bir hududning rivojlanishi, aholi turmush darajasining yuksalishi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan har bir islohotning markazida inson qadri, uning manfaati va munosib hayotini ta’minlash maqsadi mujassamdir.

← Roʻyxatga qaytish