Xalq roziligi – ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bosh mezoni

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirish va ijtimoiy masalalarni bevosita mahallabay hal etishga qaratilgan siyosat hayotiy samaralar bermoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilayotganini e’tirof etish joiz. 2026 yilning birinchi yarmi yakunlari va yil oxirigacha bo‘lgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ilgari surilgan tashabbuslar, belgilangan vazifalar xalqimiz, partiyamiz elektorati manfaatlariga hamohangdir. Yil boshidan buyon mamlakat iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgani yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning to‘g‘ri va samarali ketayotganidan dalolat beradi. Bu ko‘rsatkich aholi farovonligi, yangi ish o‘rinlari va ijtimoiy barqarorlikning asosiy garovi bo‘lmoqda. Shu bilan birga, majlisda qariyb 40 millionlik aholi turmush farovonligini ta’minlash uchun 9-10 foizlik barqaror iqtisodiy o‘sish zarurligi ta’kidlandi. Har yili mehnat bozoriga yuz minglab yoshlar kirib kelayotgani va aholi soni tabiiy ko‘payib borayotgani sababli yuqori o‘sish sur’atlari talab etiladi. Bu yangi va munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish, aholining real daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq natijalarga bevosita ta’sir qiladi. Global iqtisodiy beqarorlik sharoitida hududlarga tadbirkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratilayotgani, mahallalarda ish o‘rinlarini ko‘paytirishga berilayotgan e’tibor partiyamizning dasturiy maqsadlari kuchli ijtimoiy siyosat va adolat tamoyillariga to‘la mos keladi. Xalq demokratik partiyasi tashkilotlari, deputatlik birlashmalari qator ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratadi. Iqtisodiy o‘sish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish natijasida yaratilayotgan daromad manbai kam daromadli, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yetib borishi muhimdir. Budjetdan ajratilayotgan mablag‘larning mahallalarda, olis hududlardagi ijtimoiy infratuzilma (sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal xizmatlar) loyihalariga maqsadli va samarali sarflanishi ustidan qat’iy deputatlik hamda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. Bejizga infratuzilmani yaxshilash masalasiga urg‘u berilmayapti. Sababi, infratuzilma har qanday taraqqiyotga asos bo‘ladi. Qaysi mahallada infratuzilma yaxshi bo‘lsa, o‘sha hudud aholisi islohotlardan rozi, hayot sifati yuqori va turmushi farovonroq ekanligiga hududlarda aholi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda amin bo‘lyapmiz. Endi bandlik tizimi mas’ullari ehtiyojmand aholini o‘qitish, ishga joylashtirish va daromadini oshirish maqsadida hududma-hudud yuradi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining asosiy elektorati bo‘lgan ehtiyojmand aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur tashabbus alohida ahamiyat kasb etadi. Hududlarda mazkur tashabbus ijrosini o‘rganib, doimiy tahlil qilib borishni o‘zimizga vazifa qilib oldik. Bundan tashqari, har bir hududda hokimliklarning yarim yillik ko‘rsatkichlari, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy muammolarni hal etish borasidagi ishlarini mahalliy Kengashlar sessiyalarida tanqidiy tahlil qilish, ijro organlari rahbarlariga deputatlik so‘rovlari yuborish orqali ularning mas’uliyatini kuchaytirish muhim. Mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz banklarning mahallalarda aholiga ajratayotgan imtiyozli kreditlari va bandlik loyihalari haqiqatan ham kam daromadli va ehtiyojmand oilalarga yetib borishini nazoratga oladi. Partiyamiz tashkilotlari, deputatlarimiz joylarda go‘sht, sut va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari asossiz oshib ketmasligi, chorvachilik va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan vazifalarning ijrosini bevosita mahallalarda o‘rganadi. Har bir iqtisodiy islohot va o‘sish sur’ati, eng avvalo, oddiy insonning qadri, uning oilasi va mahallasidagi farovonlik bilan o‘lchanadi. Dunyodagi murakkab va beqaror sharoitda xalqimizning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, har bir fuqaroga munosib ish va daromad manbai yaratish davlat va jamiyat oldidagi eng muhim strategik vazifadir.

← Roʻyxatga qaytish