O‘zXDP fraksiyasi: moliyaviy jarimani joriy etish uchun jiddiy asos kerak

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya yig‘ilishida noqonuniy qurilishlarning oldini olish, fuqarolarning ko‘chmas mulk qurilishida mablag‘larining yo‘qotilishiga chek qo‘yish, samarali nazorat mexanizmlarini joriy etish maqsadida shaharsozlik talablarini qo‘pol ravishda buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Dastlab deputatimiz Zokrijon Zohidov qonun loyihasi tushuntirish xatida keltirilgan statistik ma’lumotlar asosiy javobgarlik quruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklanayotgani, qurilish nazoratiga mas’ul idoralarning bu boradagi vazifalari aniq tushuntirib o‘tilmagani haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov noqonuniy qurilish aniqlangan taqdirda, quruvchi tashkilotga moliyaviy jarimalar qo‘llashdan kelib tushgan mablag‘larning nega aynan 60 foizi vakolatli tashkilotda qolishi ko‘zda tutilayotganiga izoh so‘radi. Qonun ijodkorlari hududlarda bosh rejalar va zamonaviy raqamli platformalarni ishlab chiqish xarajatlari kattaligi, moliyaviy jarimalardan tushadigan tushimning 60 foizi ayni shu maqsadlarga sarflanishi haqida izoh berishdi. Yana bir deputatimiz Sharofiddin Nazarov qonun loyihasining tushintirish xatida moliyaviy sanksiyalar haqida ma’lumot berilmagani, umuman, bu moliyaviy sanksiyani qo‘llashga asos keltirilmaganini aytib mas’ullarga e’tiroz bildirdi. Deputatning fikricha, moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash uchun kuchli asos bo‘lishi kerak va odatda moliyaviy sanksiyalar xarajatlarni qoplash uchun emas, balki munosabatlarni tartibga solish uchun qo‘llaniladi. Qolaversa, bosh rejalarni ishlab chiqishga va ularinng faoliyatini yanada takomillashtirishga Davlat budjetidan mablag‘ ajratilishi, loyihadagi ayni me’yor davlat moliyaviy tizimiga ham mos emasligi ta’kidlandi. O‘zXDP fraksiyasi a’zolari jarimalarni joriy qilish masalasiga jiddiy yondashish talab etilishi hamda loyihaning tushintirish xatida moliyaviy sanksiyani qo‘llash asoslari aniq keltirilishi zarurligini ta’kidlashdi. Yig‘ilish davomida kiberxavfsizlikni ta’minlash va axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari, yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning yer uchastkalariga doir huquqlarini tizimlashtirish, migratsiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, bojxonaga oid jinoyatlar bo‘yicha jazo choralarini mutanosiblik tamoyillariga muvofiqlashtirish kabi qonun loyihalari muhokama qilindi. Jarayonda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yuborilgan milliy tarbiya modelini ishlab chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining so‘roviga taqdim etgan javobi ham fraksiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqildi. Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

← Roʻyxatga qaytish