O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi so‘l qanot partiya sifatida aholining malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi, tibbiy yordam tez va sifatli bo‘lishi shart, deb hisoblaydi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Jizzax viloyat kengashi faollari, deputatlik birlashmalari, ekspertlar hamda sohaga mas’ul idora va tashkilotlar vakillari ishtirokida seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyatdagi tibbiyot muassasalarining zamonaviy diagnostik va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlanganlik darajasi, mavjud tibbiy uskunalarning texnik holati va ulardan foydalanish samaradorligi, elektron navbat va raqamli tibbiyot tizimlarining joriy etilganlik holati, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati muhokama qilindi.
O‘rganishlarda aniqlanishicha, Mirzacho‘l tuman tibbiyot birlashmasiga karashli “Ipak yo‘li” maxallasida joylashgan oilaviy shifokorlik poliklinikasi moddiy texnika bazasi ancha eskirganligi, ya’ni laboratoriyaga muzlatkich, laborotoriya stol-stullari, gepatit tahlili apparati, doya xonasiga jixozlar to‘plami va bir kancha tibbiyot texnik jihozlar yetishmaydi. Bundan tashqari, bugungi kunda tumanda pediatr, terapevt, akusher-ginekolog, bolalar nevropatologi, pulmonolog, travmatolog, oila shifokori va onkolog mutaxassislari ham yetishmaydi.
Ba’zi hududlarda aholiga bepul tarqatiladigan dori-darmon vositalari bilan bog‘liq muammolar ham ko‘zga tashlangan. Yig‘ilishda bunga tizimli muammo sifatida qarash lozimligi ta’kidlandi. Sababi, “Jizzax Dori darmon” mas’uliyati cheklangan jamiyati tuman markaziy dorixonalarini 14 turdagi kasallarga bepul dori-darmon bilan taminlaydi. Mas’ul tomonidan dori-darmon vositalari yetkazib berilgan. Lekin mablag‘ o‘z vaqtida qaytarib berilmagan. Natijada bugungi kunga kelib 16 mlrd. so‘m qarzdorlik mavjud. Qolaversa, 2025 yil 17 oktyabrda 110 ta ijtimoiy dorixonalar bilan shartnomalar tuzilgan bo‘lsa, hozirgi kunda ulardan 30 tasi faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, seminarda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan muassasalar faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Do‘stlik tuman markazida joylashgan 1 ta Ijtimoiy dorixonaning 6 ta filiali aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy dorixonada 280-turdan ortiq dori-darmonlar sotuvda mavjud, amblatoriya sharoitida davolashda imtiyozga ega bemorlarga bepul beriladigan dori-darmonlar retsept orqali tarqatilmoqda.
Forish tuman tibbiyot birlashmasidagi ko‘p tarmoqli tuman markaziy poliklinikasida 86 turdagi dori vositalari va tibbiy anjomlar ehtiyojmand aholi vakillariga hamda endokrin kasalligi borlarga, ruhiy va kardiologik kasalliklari bor bemorlarga bepul tarqatilmoqda.
Zafarobod tuman markaziy poliklinikasi tomonidan 50 turdan oshiq bepul dori-darmonlar imtiyozga ega bo‘lgan bemorlarga tarqatib kelinmoqda.
Muloqot davomida partiya faollari tomonidan bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, nevroz, buyrak yetishmasligi kasalliklari ko‘pligi sababli ularni ham reimbursatsiya dasturiga kiritish taklif qilindi. Shu bilan birga, bepul tarqatiladigan 28 turdagi dori-darmonlar qatoriga qandli diabetbemorlari uchun Seofor dori vositasini ham kiritish lozimligi, tibbiyot xodimlari uchun malaka oshirishni bepul qilish kerakligi hamda har chorakda tibbiyot tizimi rahbarlarining jamoatchilik oldida hisobotlarini eshitish tizimini yo‘lga qo‘yish takliflari bildirildi.