Davlat budjeti: ijro mas’uliyatini kuchaytirish zarur

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yildagi ijrosi bo‘yicha hukumat hisoboti tahliliy muhokama qilindi.

Hisobotni iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova taqdim etdi. Qayd etilishicha, 2025-yilda Davlat budjetining daromadlari 359,8 trln. so‘mni tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 31 foizga ortgan.

Davlat budjetining xarajatlari esa 383,9 trln so‘mga yetib, shundan 47 foizi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi ilk bor 81,2 mlrd dollarni tashkil etib, eksport hajmi avvalgi yilning mos davriga nisbatan 24 foizga o‘sgani, bu esa inson kapitalini rivojlantirish va budjet barqarorligida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Fraksiya a’zolari birinchi navbatda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovoldi dasturi va elektorati manfaatlari yo‘lida amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratishdi. Hukumat tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Jumladan, hisobot davrida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 662 nafar bolalar uy-joy bilan ta’minlangani, 674 mingga yaqin ehtiyojmand oilalarga 4 trln. so‘mdan ortiq nafaqa va moddiy yordamlar to‘lab berilgani qayd etildi.

Qizg‘in muhokamalar ostida o‘tgan yig‘ilishda deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashlandi.

Xususan, deputatimiz O.Iminov narxlar barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida inflatsiya darajasi 7,3 foizga kamaygan bo‘lsada, nega 2025-yilda fuqarolarimizning kundalik iste’moli uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari inflatsiyasi ortganligiga izoh so‘radi.

Shuningdek, fraksiyamiz a’zosi S.Imomova to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi 19,1 mlrd dollarga yetib, qariyb 1,6 barobarga oshganiga qaramay, nega import hajmi yildan-yilga o‘sib borayotgani bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar so‘radi.

Shu bilan birga, deputatlar xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni maqsadli tarzda kasbga o‘qitish hamda mehnat huquqlarini kafolatli himoya qilish masalalari xususida ham fikr almashildi.

Mutasaddilar savollarga umumiy mazmunda javob berib, ko‘tarilgan mavzular bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishini bildirishdi.

Yig‘ilishda deputatlar ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘larning samarali va maqsadli sarflanishiga nisbatan mas’uliyatni, budjet ijrosiga nisbatan tanqidiy yondashuvni kuchaytirish bo‘yicha siyosiy munosabat bildirdi. Salbiy holatlarni chuqur tahlildan o‘tkazib, ochiq va ta’sirchan choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Yakunda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Hukumat hisoboti Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida muhokama qilinishini qo‘llab-quvvatlashdi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish