Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari hamda fraksiya faoliyatiga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda dastlab “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay huquqiy muhit yaratish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq amaliyotda xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha qarzdorliklarni undirish jarayonlarida sud qarorlari ijrosining kechikishi bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda.
Xususan, amaldagi tartibga ko‘ra, birinchi instansiya sudi qaroridan shikoyat berilganda yuqori instansiya sudi uning ijrosini to‘xtatib turish huquqiga ega. Bu esa sud qarorining qonuniy kuchiga ishonib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning mablag‘larini o‘z vaqtida undirib olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qonun loyihasi bilan iqtisodiy sudlar qabul qilgan qarorlar ijrosini yuqori instansiyada to‘xtatib turishning aniq asoslarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Masala yuzasidan so‘zga chiqqan loyihaga mas’ul deputat Zulayho Akramova mazkur tashabbus tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, fraksiya a’zolarini qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Shundan so‘ng yig‘ilishda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama markazida bo‘ldi.
Hujjat bilan bir qator qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Loyihada davlat xaridlarida tovar va xizmatlar narxining o‘rtacha bozor narxidan asossiz oshirilishiga qarshi ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilgan. Shuningdek, davlat xaridlarida belgilangan narx tafovuti chegarasini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llash tartibi belgilanmoqda.
Muhokamalarda so‘z olgan fraksiya a’zosi Shokirjon Ahmedov davlat mablag‘laridan samarasiz foydalanish holatlari yuzasidan javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, davlat xaridlari sohasida qonunbuzilishlarga nisbatan belgilanayotgan jarimalarning ta’sirchanligini qayta ko‘rib chiqish lozim. Shu bilan birga, deputat jazo choralarini belgilashda ehtiyotsizlik yoki malaka yetishmasligi oqibatida yo‘l qo‘yilgan xatolar bilan qasddan sodir etilgan huquqbuzarliklarni aniq farqlash zarurligini ham ta’kidladi.
Fraksiya a’zosi Zuhra Shodiyeva esa davlat xaridlarida o‘rtacha bozor narxi va yo‘l qo‘yiladigan narx tafovutining aniq mezonlarini belgilash masalasiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, turli tovar va xizmatlar uchun yagona 20 foizlik chegara belgilash amaliyotini huquqiy jihatdan aniqlashtirish talab etiladi.
Muhokamalar jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ayrim vakolatlarni qayta taqsimlash masalasi ham ko‘tarildi. Deputat Firdavs Sharipov korrupsiyaga qarshi nazoratga oid ayrim normalarning qonundan chiqarilayotgani sabablariga izoh so‘radi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari bu normalar takrorlanuvchi xususiyat kasb etganini, shuningdek, so‘nggi islohotlar asosida davlat organlarida ichki nazorat va komplayens tuzilmalari alohida shakllantirilganini bildirdi. Shu munosabat bilan, ayrim muvofiqlashtiruvchi vakolatlarni qayta ko‘rib chiqish zarurati tug‘ilgani ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.