Sifatli boshqaruv va strategik natijalar
Sifatli boshqaruv va strategik natijalar

 

Davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlash davlat idoralarining xalqimiz oldidagi hisobdorligini kuchaytirishda eng muhim tamoyillardan biridir. Keyingi yillarda bu borada tizimli islohotlar, institutsional yangilanishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida poytaxtimizda o‘tkazilgan taqdirlash marosimida qayd etganidek, har bir fuqaro kundalik hayotida his qilayotgan ijobiy o‘zgarishlar orqali davlat faoliyatiga baho beradi. Shu bois, boshqaruv idoralari odamlarning muammolarini o‘z vaqtida va tizimli hal etishi zarur.

Davlat boshqaruvi samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha izchil xalqaro hamkorlik asosida dunyodagi ilg‘or tajribalar yurtimizda joriy qilinmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi shunday faoliyatning bir amaliy natijasi sifatida baholandi.

Eng asosiy jihatlardan biri, islohotlarning huquqiy asoslari mustahkamlanib bormoqda. Normativ huquqiy hujjatlarda ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari qat’iy belgilab qo‘yilayotgani, shuningdek, xalqaro va xorijiy tajribalarga muvofiq milliy qonunchilik doimiy rivojlanishda ekani davlat boshqaruvining yanada tizimli bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishda, ma’muriy buyruqbozlikka suyanadigan eskicha boshqaruvga to‘liq chek qo‘yishda, aholining davlat tizimiga ishonchini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan ham sifatli davlat boshqaruvi bilan xalqchil qonun ijodkorligi bir-biriga uzviy bog‘liqdir.

Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, raqamli texnologiyalar rivojlanishi davlat boshqaruvida qarorlar qabul qilish jarayonlariga ham talablarni oshirmoqda. Shuning uchun ilg‘or zamonaviy boshqaruv tendensiyalarini yaxshi o‘zlashtirgan kadrlarning yosh avlodini shakllantirish dolzarb vazifa sanaladi.

Prezident huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyat yuritayotgani, Milliy kadrlar zaxirasi shakllantirilayotgani, davlat xizmatiga qabul qilish ochiq tanlovlar orqali yo‘lga qo‘yilayotgani davlat boshqaruvi idoralariga xorijda o‘qib kelgan, shiddatli taraqqiyot talablariga mos fikrlab, ish yurita oladigan yoshlarni jalb etishda samarali platformalar joriy qilinayotganini anglatadi.

Albatta, boshqaruv samaradorligi haqida gapirganda, nomarkazlashtirish siyosatini ham alohida e’tirof etish joiz. Hududlardagi kundalik ijtimoiy masalalarni hal qilish haqida qaror qabul qilish vakolati markazdan joylardagi idoralarga o‘tkazilishi aholini o‘ylantirayotgan muammolarning joyida, samarali va qisqa muddatlarda yechim topishiga asos bo‘lmoqda.

Islohotlar taqdiri hududlarda hal bo‘ladi, degan g‘oyadan kelib chiqib, ma’muriy hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlariga mos boshqaruv shakllari joriy etilayotgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, eng avvalo, strategik natijalarga, aholining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga yo‘naltirilganini alohida qayd etish zarur.

“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi davlat idoralarida natijadorlikka qaratilgan faoliyatni chuqur va xolis tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Dastur yanada ochiq va talabchan bo‘lishi, samaradorlik va xizmat sifati bo‘yicha ortda qolayotgan tashkilotlar ham ochiq aytilishi bildirildi.

Bu kabi keng qamrovli dasturlar, davlat boshqaruvida sifatga intilish hukumatning, vazirlik-idoralarning xalqimiz oldidadagi mas’uliyatini oshiradi, strategik maqsadlarga erishish yo‘lida talabchanlikni yanada kuchaytiradi. Xalq demokratik partiyasi natijadorlik va hisobdorlikka asoslangan bunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish