Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi deputatimiz Nigora Eshmetova tomonidan Yunusobod tumanidagi 53-sonli hamda 255-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda xavfsizlik choralarining holati yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida muassasalarda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, yong‘in xavfsizligi, hudud obodonchiligi hamda tarbiyaviy jarayonlarga oid qator kamchiliklar aniqlandi. Xususan, 255-sonli DMTTda go‘sht va sut mahsulotlari bir xil muzlatkichda saqlanayotgani, ayrim muzlatkichlar ishlamayotgani, issiq ovqat tayyorlash bo‘limida muzlatkich mavjud emasligi hamda kunlik namunalar olinmayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, muassasa hududida asfalt qoplamasi nosozligi, yong‘in signalizatsiyasining ishlamasligi hamda o‘t o‘chirish vositalari talab darajasida emasligi qayd etildi. Ayrim guruhlarda kun tartibiga to‘liq amal qilinmayotgani, xodimlarning sanitariya talablariga rioya etish holati yuzasidan ham tegishli tavsiyalar berildi.
53-sonli DMTTda esa oziq-ovqat blokida muzlatkichlar yetishmasligi, ish jarayonlari noto‘g‘ri tashkil etilgani, hududni ko‘kalamzorlashtirish hamda yong‘in xavfsizligi choralarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan muassasa mas’ullariga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi, masalalar deputatlik nazoratiga olindi.