Chirchiq shahar Kengashi raisi M.Parpiyeva tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj keksa yoshli aholi vakillari, yosh bolali ayollar salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash maqsadida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Ko‘rik jarayonida kasalliklarni erta bosqichda aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumlada, tadbir davomida jami 317 nafar fuqaro okulist, terapevt, nevropatolog, ginekolog, mamolog, urolog, UTT, lor mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 4 nafar fuqaroga shahar shifoxonasiga yo‘llanma berildi, 1 nafar yurak kasalligi bilan murojaat qilgan fuqaroga esa order rasmiylashtirildi.
Shuningdek, tibbiy ko‘rikka kelish imkoniyati cheklangan nogironligi bo‘lgan hamda qon bosimi yuqori bo‘lgan bemorlar uy sharoitida ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.