Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati jamoatchilik eshituvida muhokama qilindi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturiy maqsadlarida aholi uchun malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni o‘z oldiga aniq vazifa qilib qo‘ygan. Shu sababdan partiya sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarda amalga oshirilishi belgilangan ishlarni hududlardagi ijrosi bo‘yicha izchil o‘rganish va tahlillar olib bormoqda.

2025-yil 1-iyuldan boshlab ayrim tumanlarda sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini eng ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, sohaga yangi boshqaruv tamoyillarini joriy qilish boshlangan edi.

Partiyaning Surxondaryo viloyati Kengashi mas’ullari va deputatlaridan iborat ishchi guruh Denov tumanida tajriba-sinov tariqasida joriy qilingan yangi model asosida amalga oshirilayotgan ishlar, uning samaradorligi va odamlar hayotiga ta’siri o‘rganilib, mutasaddi idora va tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida muhokama qilindi.

O‘rganishlarga ko‘ra, bugungi kunda Denov tumanida jami 33 ta oilaviy poliklinikalar mavjud. Barcha oilaviy poliklinikalar umumiy 480 954 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Tumanda tashkil etilgan 147 ta tibbiy brigadalarning barchasi to‘liq faoliyat yuritib kelmoqda.

Denov tumani Sog‘liqni saqlash bo‘limida tizim to‘liq raqamlashtirilgani, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yaxshilangani, tibbiyot xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularning mehnatiga munosib haq to‘lash borasida yangicha yondashuvlar joriy qilingani qayd etildi.

Shunga qaramay ayrim kamchiliklar ham ko‘zga tashlangan. Jumladan, oilaviy poliklinikalar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq ta’minlanmaganligi, murojaat va shikoyatlar tahlil qilinganda aholining tibbiy xizmatlardan qoniqishi yetarli darajada emasligi, shuningdek, diagnostika va davolash uchun zarur jihozlar – kompyuter, planshet, printer, elektron retsept chiqaruvchi qurilmalar yetishmovchiligi, aholini elektron ro‘yxatga olish, elektron yo‘llanma berish va elektron tibbiy karta tizimlariga o‘tish to‘liq yakunlanmagani aniqlangan.

Bundan tashqari tumandagi barcha oilaviy poliklinikalarda oilaviy shifokorlar yetishmovchiligi mavjud.

O‘rganishlar davomida tuman aholisini zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlanganlik holatiga ham e’tibor qaratilgan. Muassasada asosiy dori vositalari to‘liq mavjud emas va uzluksizligi ham ta’minlanmagan. Birlamchi tibbiyot muassasalarida bemorning dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash va dori-darmon zaxirasi yetarli emasligi aniqlangan.

Muhokamalarda aniqlangan muammolarni tez va samarali bartaraf etish uchun mas’ul idoralarning vakillari bilan fikr-mulohazalar almashilib, takliflar shakllantirildi.

Eshituvda partiya faollari, deputatlar va mutasaddilar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash yo‘lida yangi modelni to‘liq tatbiq etish, uning samaradorligini yanada oshirish uchun hamkorlikda ishlashga kelishib olishdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning yanada sifatli va manzilli bo‘lishida jamoatchilik nazorati muhim, deb biladi.

Shuning uchun mazkur yo‘nalishdagi ishlar ijrosini doimiy o‘rganib, hududlar kesimida tahlil qilib boradi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish