Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda dastlab xodim va ish beruvchilar o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarning o‘zaro manfaatli tizimini yaratish, shuningdek, bandlik organlari hamda ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash, bandlik organlarini ish beruvchilarning hamkoriga aylantirish, ish beruvchi va xodimlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni raqamlashtirish, norasmiy bandlikni qisqartirish va mehnat munosabatlarida xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalar o‘rin olgan.
Fraksiyamiz a’zosi Anvarxon Temirov qonun loyihasi konsepsiyasini ma’qullab, ayrim fikrlarni bildirib o‘tdi. Deputatga ko‘ra, vazirlik mazkur qonun bilan sohaga tegishli qonunlarni tartibga solmoqda. Loyihaga asos bo‘layotgan qaror va farmonlarda fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish ko‘zda tutilgan. Shuning uchun loyihada aholining haq-huquqini, manfaatini himoya qiladigan me’yorlar ko‘proq bo‘lishi kerak edi.
Shuningdek, deputatimiz migratsiyaga ketmoqchi bo‘lib aldanib qolayotgan fuqarolardan kelayotgan murojaatlarga to‘xtalib o‘tdi. Qonunda fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish Migratsiya agentligiga yuklatilgan. Lekin fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar soni bu nazorat yetarlicha samarali emasligini ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarning huquqiy asoslari mustahkam bo‘lishi Xalq demokratik partiyasi uchun muhim masala. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasiga fraksiya takliflarini shakllantirish bo‘yicha mas’ullar belgilanib, loyiha dastlabki tarzda ma’qullandi.
Kun tartibida “Faxriylar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokamadan o‘tkazildi.
Hozirgi kunga qadar faxriylar maqomi, toifalari va ularning huquqiy hamda ijtimoiy himoyasi masalalari alohida tartibga solinadigan qonun hujjati yo‘qligi loyihani ishlab chiqishga asos bo‘lgan.
Qonunning maqsadi faxriylarning davlat va jamiyat hayotidagi munosib o‘rni va obro‘-e’tiborini ta’minlash, shuningdek, ularni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishning tashkiliy, iqtisodiy va huquqiy asoslarini belgilashdan iborat.
Deputat Firdavs Sharipov Xalq demokratik partiyasi elektorati bo‘lgan faxriylar mazkur qonun loyihasini kutishayotganini, qolaversa, undagi havolaki me’yorlar o‘rniga aniq normalar belgilanishi kerakligini va shundagina bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan yaxlit qonunga aylanishini, aks holda, ta’siri kamayishini ta’kidladi.
Qonun loyihalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan savol-javoblarda aniq masalalar ko‘tarilib, atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi. Yakunda har bir masala bo‘yicha fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.