Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Xususan, xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamadan o‘tkazildi.
Mazkur Qonun bilan xalq deputatlari Kengashlarining boshqa vakolatlari faqat qonun hujjatlari bilan belgilanishi, shuningdek xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi raisi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash faoliyatiga raislik qilishi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyatini yanada samarali tashkil etishga, hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlarda mahalliy Kengashlarning rolini ortishiga va bu borada ijro hokimiyati bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Kun tartibida ko‘rilgan “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida” Konstitutsiyaviy qonun loyihasi deputatlar tomonidan uzoq muhokama qilindi.
Ushbu qonun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining maxsus hudud sifatidagi maqomini va uning hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimni belgilashga qaratilgan.
Ya’ni maxsus qonunchilik tizimi yaratiladi. Bunda ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va unga zid bo‘lmagan holda, Angliya va Uels umumiy huquqining elementlariga asoslangan Markazning maxsus normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilinadi.
Deputatlarda bu ayrim savollarni yuzaga chiqardi. Jumladan, O‘zbekiston huquqiy tizimining roman-german huquqiga yaqinligini, bu Markazda hududida esa anglo-sakson huquq tizimi elementlarining mavjudligi ertangi kunda tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytildi.
Qonun ijodkorlari bu borada ixtisoslashtirilgan sudlar tashkil etilishi, qolaversa, bu me’yorlar ayrim yo‘nalishlarga kiritilishi, huquqiy masalalarning katta qismi milliy qonunchiligimizga asoslanishini ma’lum qilishdi.
Shuningdek, deputatlar Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning ta’sir choralarini kuchaytirishi bo‘yicha kiritilgan loyihani qo‘llab-quvvatlashdi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, ogohlantirish va talabnomalarni ko‘rib chiqmasdan qoldirish javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi qonun loyihalari yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi. Bunda fraksiya pozitsiyasidan kelib chiqib, ayrim loyihalarni konseptual jihatdan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, ba’zi loyihalar bo‘yicha fikr-mulohazalar yuritilib, takliflar bildirildi.