“Mehr ulashaylik” – ezgulikka yo‘g‘rilgan amaliy tashabbus

 

Buxoro shahrida “Mehr ulashaylik” shiori ostida insonparvarlik ruhidagi tadbir O‘zbekiston XDP Buxoro viloyati hamda Buxoro davlat pedagogika instituti hamkorligida tashkil etildi. Unda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasining onkologiya bo‘limida davolanayotgan bolajonlar uchun ko‘ngilochar dastur namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat kengashi raisi Zulfiya Tuyeva, Buxoro shahar kengashi raisi Robiya Kazimova, shuningdek, mas’ul xodimlar ishtirok etib, bolajonlar holidan xabar oldi va ularga samimiy tilaklarini bildirdilar.

Xususan, qo‘g‘irchoq teatri sahna ko‘rinishlari orqali bolalarga quvonch va iliq taassurotlar ulashildi. Dastur davomida bolajonlarning yuzida tabassum paydo bo‘lib, ular uchun unutilmas lahzalar tuhfa etildi.

Shu bilan birga, bolalarga sovg‘alar va shirinliklar taqdim etilib, bayramona kayfiyat baxsh etildi. Tadbir davomida mehr va e’tibor muhitining hukm surishi barchaga iliq kayfiyat ulashdi.

Mazkur tadbir, avvalo, bolajonlarning ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishiga xizmat qilib, jamiyatda mehr-oqibat, insonparvarlik va e’tibor kabi yuksak qadriyatlarning yana bir bor namoyon bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish